Adabiyotshunos, shoir va adib Rahimjon Rahmat (Rahmatjon Qo‘ldoshev) bir necha yildan buyon Dang‘araga qaytib, dehqonchilik bilan shug‘ullanayotganidan ko‘plarning xabari bor. Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchisiga ham aylangan Rahmat aka «Feysbuk»dagi sahifasiga navbatdagi post qoldiribdi.
Juda qiziq va... og‘riqli mulohazalar:
«Bir litr sut (poytaxtda) 8 ming so‘m, bir kilo suzma 10 ming so‘m ekan. Go‘sht narxi bilan qiziqmadim. O‘qishga, repititorga boradigan farzandlaringizga kuniga falon so‘m bermasangiz bo‘lmaydi.
Bir joydan ikkinchi joyga taksida boraman desangiz 15-20 mingdan kami yo‘q deydi.
Kommunal to‘lovlarni umuman gapirmayman.
Toshkent shahrida besh kishilik oilaning bir oylik yashashi uchun ikki yarim milyon yetadi, degan deputatdan qarz so‘raymikan?
O‘n besh kunda oddiy harajatlarga ikki yarim milyon yetmadi.
Kecha tamom cho‘ntak quridi...
...Deputatlar, noreal gapirmanglar. Yolg‘onni tillaringga olmanglar. Yolg‘on gapirgandan sukut afzal. Har bitta dumbul gaplaring odamlarni masxaralashga o‘xshab qolyapti.
...Tovba. Ikki yarim milyon o‘n besh kunga yetmadi-ya.
Toshkondaman. Safarim qariyapti lekin! Deyarli barcha qadrdon do‘stlar bilan ko‘rishdim. Miriqib suhbatlashdik. Shu fikrdosh qadrdonlar bo‘lmasa Toshkonni qizig‘iyam qolmaydi. Rost gap.
Qishlog‘im yaxshi. Farg‘ona yaxshi. Dalani yaxshi ko‘raman.
Toshkent — yoshlikda sevgimni rad etib o‘zgaga erga tegib ketgan sobiq sevgilimga o‘xshaydi.
Shunaqa gaplar. Hartugul Toshkonda kartoshka arzonroq ekan.
...Yaxshiyam Toshkonda o‘z uyim bor, agar besh-to‘rt kun mehmonxonada yashasam bormi, terim tiriklayin shilinsa kerak!
Har kuni poytaxtga davo ilinjida kelayotgan yuzlab viloyatliklarning ahvolini tasavvur etishga yurak betlamaydi.
...Hech kim davo ilinjida Toshkonga kelmasin, Hindistonga bormasin! Umuman aytganda, hech kim og‘ir kasal bo‘lmasin.
Dima Qayum, qishloqda chiroq va gaz qalay?».
Tarmoqning Rahimjon Rahmatdan ham faol foydalanuvchisi Dima Qayum o‘ziga qaratilgan savolga qanday javob qoldiribdi, deng: «... Gaz yo‘q. Elektr ko‘p o‘chib yonmoqda. Ozgina sabr qilsak bahor yaqin. Xudo mehribon. Daraxtlar kesilmasin deb jar solishmoqda, ammo qishloq ahli nimani yoqmoqdaligiga qiziqish yo‘q. Agar yana 5-10 yil gaz ahvoli shu bo‘lsa, daraxtlar qolmaydi...»