«Setora». Bu nomni eshitganimizda ko‘z oldimizda bir paytlar sahnalarni “yondirgan” uch g‘ayratli qiz gavdalanadi. Ular yaratgan xitlarni sanash uchun barmoqlarni bir necha marotaba ochib, yopish kerak! “Borsan”, “Qora”, “Senga”, “Ona - mo‘’tabar”, “Kuz”, “Ayirmagan”, “Kechir sevgi”, “Xayr endi”... Qay birini yoddan bilmaymiz? “Setora” – 17 yil oldin, bahorning birinchi kunida tarkib topgandi! Ha, bugungiday ilk kunida! Uchala qiz ayro-ayro ijod qilayotgan bo‘lsa-da, muxlislar “Setora”ni hanuz qo‘msaydi! “Setora”ning nomi qoldi, xolos. Uning tarkibi bir necha marotaba o‘zgardi. Yangidan yangi qizlar tarkibni yangilab turdi. Biroq, hech narsa o‘zgarmadi. Birinchi baribir birinchi-da!
Ayni paytda xorijda istiqomat qilayotgan sobiq “Setora”chi Feruza Latipovaga ikki savol bilan murojaat qildik. Bizningcha, shu ikki savol yurakdagilarni aytish uchun yetarli bo‘ldi!
-“Setora”ni siz ham sog‘inasizmi?
-Juda sog‘inaman. O‘zbekiston bo‘ylab gastrol safarlarimiz, yakkaxon konsertlarimizni sog‘inaman. O‘ylab qarasam, o‘sha damlarda biz juda ham sodda bo‘lganmiz. Laylo bilan kechagina suhbatlashganda, bir haqiqatni esladik: biz o‘z foydamiz uchun qimmat avtomashina xarid qilishni o‘ylab emas, balki, bolalikdagi orzularimiz ro‘yobi uchun kuylaganmiz va bundan baxtiyor bo‘lganmiz.
-“Setora” davrida nima topib, nima yo‘qotdingiz?
-Biz kuylab, muxlislar topdik. Shunchaki, tinglovchi emas, ijodimizda yangiliklar bo‘lishini intiq kutuvchi insonlar! Ularning mehrini qozondik! Bu davr bizning haqiqiy xonanda sifatida shakllanishimizga ham sababchi bo‘ldi. Yana yonimizda qanday insonlar borligini anglash va ular ishonchimizga arziydimi yo yo‘qligini o‘rgandik. Yo‘qotishga kelsak, nazarimda, faqatgina o‘z nomimizni, ya’ni, “Setora” nomini yo‘qotdik. Tom ma’noda o‘ylab qarasak, bu nomni bizdan olib qo‘yishgani u qadar ahamiyatga ega ham emas. Ahamiyatlisi shundaki, so‘nggi yillar davomida “Setora” nomi bilan qo‘shiq kuylamayotganimizga qaramay, uchalamizni “Setora” sifatida qabul qilishadi va shu nom bilan ijodimizni bog‘lab, tinglayverishadi! Shunday ekan, kim nima yo‘qotgani muhokamali savol bo‘lib qolaveradi.
Jasur HAMROYEV
|