"Suratga olish maydonchasida shu qadar erkinmanki, go‘yo qanot yozib uchaman. Hech kimdan uyalmayman, berilgan rolni bemalol ijro qilolaman. Ammo katta davralarga tushib qolsam, teleko‘rsatuvlar yoki suhbatlarga chaqirishsa, hayajonlana boshlayman. Menga berilgan savolga o‘ylab, fikrlab, kimnidir ranjitib qo‘ymaydigan tarzda javob berishim ancha vaqtni talab qiladi. Men bilan bo‘ladigan intervyular zerikarli, nazarimda. Shu taraflarini o‘ylab, ko‘pincha suhbatlarni rad etaman", - deydi aktrisa Asal Shodiyev.
E’tiboringizga aktrisaning qisqa savollarga javoblarini taqdim etamiz.
— Dilozorlikdan juda qo‘rqar ekansiz, to‘g‘ri topdimmi?
— Ha! Kimnidir ranjitsangiz, diliga ozor bersangiz, erta bir kun bu ishingiz o‘zingizga qaytadi. Agar sizni chetlab o‘tsa, yaqinlaringiz, farzandlaringiz jabr ko‘rishlari mumkin. Hech bir narsa javobsiz qolmaydi. «Bumerang» qonuni bu!
— Sizni ranjitsalar-chi, kechirishingiz osonmi?
— Bugun muhim tuyulgan voqealar ertaga dolzarbligini yo‘qotishi mumkin. Kimdandir xafa bo‘lasiz, kayfiyatingiz buziladi, ammo vaqt o‘tishi bilan tushunasizki, bu siz uchun u qadar ahamiyatli emas. Hayot davom etadi!
— Eng ahmoqona ishingiz?
— (kulib) Bunaqa holatlar ko‘p bo‘ladi, biror nima qilaman-da, keyin nega shunday qildim-a, deb qolaman.
— Eng birinchi gonoraringizni nimaga sarflagansiz?
«Jannat qaydadir» filmidagi ishtirokim uchun 400 000 so‘m gonorar berishgan va men uni onamga topshirganman.
— Eng sodiq muxlisangiz u kim?
— Rostini aytsam, bundayini uchratganim yo‘q hali.
— Intervyumizdan so‘ng muxlisangizning o‘zi sizni izlab topib, mana men borman deydi, ko‘rasiz.
— Balkim.
— Irimchimisiz?
— Salgina.
— Sizni yig‘latgan film?
— Shohruxxon ishtirokidagi «Fanat» filmi bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im bilan kartina oxirini tomosha qilib, g‘alati holatga tushib qoldik. Juda ta’sirli.
— Tasavvur qiling, sehrli ruchkangiz bor, ammo uning yordamida faqat bitta so‘zni yoza olasiz?..
— Hayot! Oilam, onajonim, yaqinlarim, ijodim — barchasi jam bo‘lgan so‘z bu!
Dildora suhbatlashdi.