Aktyor Alisher Uzoqov bir necha yillardan beri hamkorlik qilib kelayotgan Zo‘r TV telekanalidan ketganini ma’lum qildi. U telekanal ma’muriyatiga hamkorlik davomida ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. « Zo‘r TV telekanali men uchun eng yaxshi telekanal edi va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi», — deydi Alisher Uzoqov. Aktyor Instagram sahifasida qoldirgan videomurojaatida telekanaldan ketishiga nima sabab bo‘lganini oshkor qilmagan. U Zo‘r TV telekanalida The Cover Up, «Bekat» kabi ko‘rsatuvlarda boshlovchilik qilgan, shuningdek, «Sevgi iztirobi» serialidagi Amir obraziga ovoz bergan edi. Alisher Uzoqov telekanalda hozirgi paytda efirga uzatilayotgan «Elchining qizi» serialidagi Sanjar Efe obraziga ham ovoz berayotgan edi, biroq yaqindan boshlab ushbu qahramon boshqa aktyorning ovozi bilan «gapira boshladi».