Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SEVGI DUNYOSI

Alamlarim tuhmatga aylandi...


Kecha qizim yana yig‘lab keldi. Kuyovim uch bolasining ko‘z o‘ngida o‘lasa qilib do‘pposlabdi. Ko‘zi ko‘kargan, qo‘llari momataloq bo‘lib ketgan bolaginam bag‘rimga boshini qo‘yib, «Gunohim nima, oyi? Qaysi aybim uchun meni zolim er qo‘li bilan jazolayapti taqdir?», deya zor-zor yig‘ladi. Uning gaplari yuragimga o‘qdek qadaldi. «Qizginam, sening gunohing yo‘q», dedim-u, bo‘g‘zimni kuydirayotgan so‘zni tilimga chiqara olmadim. Bo‘g‘ma ilondek bo‘g‘ayotgan vijdonning og‘rig‘ini jismonan ham his qilib turardim. Ammo jur’at yetmaydimi yo nomus qilamanmi, na ulardan, na qizimdan uzr tilay olaman...

Hammasiga yuragimda tugun bo‘lib yotgan alam sababchi. Hasadgo‘yligim tufayli gunohdan qaytmadim, begunoh kelinchakka tuhmat toshini otishga botindim, qaytar dunyoligini, birovning nomini qora qilishning jazosi borligini unutdim.

Shohista bilan bir mahallada o‘sganman, qolaversa, sinfdosh bo‘lganmiz. Bolaligimdan onam nuqul meni u bilan solishtirardi. Keyin maktabda o‘qituvchilar hali orastaligini, hali odobini, hali a’lochiligini aytib, namuna qilib ko‘rsatardi.

«Shohistani, qara, har tong quyosh chiqmasdan ko‘cha-ko‘yga suv sepadi. Sening qo‘lingda esa supurgi ham turmaydi!»

«Shohista o‘rgangan fanni nega sen o‘zlashtira olmaysan? Har kuni uyiga chiqib, dugonangdan o‘rgansang bo‘lmaydimi?»

«Shohista, chevarga shogird tushibdi, biram chiroyli ko‘ylaklar tikayapti ekanki...»

Bular mening ko‘zimni ochmagan, qasdma-qasd ish qilish ishtiyoqini paydo qilgan, xolos. Nimaiki qilsam, shu qizdan o‘zay, hammaning og‘zini yopay, deya qilardim. Aksiga olib, hech omadim kulmasdi. Atrofdagilar esa bizni solishtirishgani-solishtirishgan edi. Bora-bora uni ko‘rishga ko‘zim bo‘lmay qoldi. U uchun chin, men uchun soxta bo‘lgan do‘stligimiz shu tariqa yakun topdi.

U bir urinishdayoq talaba bo‘ldi, men esa naq uch yil harakat qilib, natijaga erishdim. Eng yomoni esa ko‘ngil qo‘ygan yigitimning unga mehri tushgani bo‘ldi. Suyganim va kuyganimning to‘yi kuni yillar davomida to‘plangan alam vulqondek ichimda g‘alayon qildi. Ammo otilmadi... Taqdirni qarangki, raqibamning qo‘shnisiga kelin bo‘ldim. Shohista hech narsadan bexabar men bilan yaxshi muomala qilar, men esa undan qasdimni olish uchun payt poylardim. Uning obro‘li joyda ishlashi, erining doim atrofida parvonaligi, mahallada hamma hurmat bilan qarashi battar ichimni kuydirardi. Biroq qo‘limdan biror ish kelmas, uni otidan tushirishga qurbim yetmasdi. Vaqt o‘tgani sayin esa alamzadaligim ortib borardi. Men o‘sha paytlari ichimdagi bu olovning hasadligini tan olmasdim. Nuqul yo‘limda to‘g‘anoq bo‘lgan deya uni ayblab, o‘zimni jabrdiyda sanab, bahona qilardim. Taqdir meni go‘yoki Shohistaning qo‘llari bilan tahqirlayotgandek tuyulardi-da.

Kunlardan bir kuni mahalladagi yig‘inda ko‘rishib qoldik. Ichini yoqay deya, bir uy xotinning oldida katta ketdim.

— O‘g‘limni uylantirmoqchiman! Hamidullo akaning kenjasini so‘rab qo‘ydim! Doktor qiz-chi! Biram yaxshi, biram chiroyli-ki! Farida opa «Farangizni uzatsam, sizdek ayolning o‘g‘liga uzataman-da», deb quvonib qoldi sovchilikka borganimda, — dedim atay Shohista tomonga bepisandlarcha boqib. Uning yo‘talib qolganidan esa battar avjlandim, — Xudo xohlasa, kuzda to‘y!

Shohistaning ranggi bo‘zdek oqarib ketdi. Mening yuzimga esa qizillik yugurdi. Mana, uning ham ichi yonayapti! O‘zimcha, uning parishon bo‘lib qolganini alamga yo‘yibman. Bir oydan keyin esa tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. Mahallada Shohistaning o‘g‘li Habibning Farangizda ko‘ngli borligi, ularni tez kunlarda unashtirilishi haqida gap tarqadi.

— Voy, opa, eshitdingizmi? Siz og‘iz solgan Farangizni Shohista opa kelin qilayotgan ekan, — shumxabarni yetkazdi qo‘shnim Zulxumor.

— Voy, — dedim uyatga qolganimdan tanam muzlab, — qanaqasiga? Axir men... — deya indamay qoldim.

— Shohista, keliningni u-bu joyga olib borib ko‘rdingmi? — deya gap olish maqsadida so‘z ochdim bir kuni.

— Ha, o‘zi ham shifokor-ku, ko‘p narsani tushunadi, biladi. Sog‘liklari joyida, nimagadir bo‘lmayapti-da. Mayli, o‘z vaqti-soati bordir, — dedi Shohista xotirjamlik bilan.

— Xafa bo‘lma-ku-ya, ammo senga ichim achiganidan aytayapman, anuv ammasi bor-ku Farangizning, maktabda bizdan keyin o‘qigan, o‘sha ham tug‘magan. Bularning qonida bor tug‘maslik, — deya men ham olovga yog‘ sepmoqchi bo‘ldim.

— Yo‘g‘-a, qo‘y, yaxshi niyat qilaylik, Xudo berib qolar. Shundoq yaxshi qiz Farangiz, buning ustiga, o‘g‘lim ikkisining bir-biriga muhabbatlari yuksak, — deya pinagini buzmadi Shohista.

O‘shanda yolg‘on gapirganimni, qizini so‘rab borganimda Farida opaning yo‘q deganini odamlar bilib qolmasa edi, deya bir dardim ikki bo‘ldi.

Xullas, charsillab yonayotgan, kuyov kelinni dast ko‘tarib atrofida aylantirayotgan gulxanning tafti mening ichimdagi olovning alangasi oldida cho‘g‘dek edi. Endi ko‘nglimga shum niyat oraladi. Har kuni uzun sochlarini bir o‘rim qilib o‘rgan chiroyli kelinchak darvoza oldini supurishga chiqqanida, qo‘ni-qo‘shnilar «Qo‘li biram yengilki Shohistaning kelinining», deya maqtaganida shum niyatim bosh ko‘tarardi. Yashirib nima qildim, issiq-sovuq ham, kelinchakka gap o‘rgatishim, qaynonasiga yomonlashim ham ish bermadi. Faqat bir ilinj bor edi, Farangizning hech bo‘yida bo‘lmayotgandi. Endi kunlarim «Qachon tug‘mas kelinni uyiga haydab yuborisharkan?» degan o‘yda eshik poylash bilan o‘tardi.

Shunaqa o‘zi bu ayol. Dunyoning keng joyidan olingan. O‘g‘li befarzand-u parvoyiga ham keltirmaydi, deya yana folchiga yugurdim. Borsam, folbinning eshigi oldida Farida o‘tiribdi. Salom-alikdan so‘ng bu qulay imkonni qo‘ldan boy bermaslik uchun Faridaga hamdardlik ohangida gap boshladim.

— Qiz bolaning ishi qiyin ekan, Farida. Shular borgan joyida tinib-tinchib ketsin deya, to‘rt tomonga yugurarkan onaizorlar. Shohistani har ko‘rganimda, o‘zimning qizim ko‘z oldimga keladi. Nahot unga ham qaynonasi shunaqa munosabatda bo‘lsa-ya, deb qo‘rqib ketaman.

Faridaning hayrat bilan menga qarab turganidan foydalanib, yolg‘on gapirishdan o‘zimni to‘xta olmadim.

— «Tug‘mas» deya haqoratlashlariga-ku chidab yashayapti qizingiz. O‘zi ham juda sabrli qilib tarbiyalagan ekansiz-da, — dedim eng nozik nuqtasiga zarba berib. O‘qim foyda berdi, Farida Farangiz uchun folbinga kelganini aytib, yig‘lab qoldi.

Ammo kun o‘tsa hamki, na kelinlik uyidagilar Farangizning javobini berishar, na ota-onasi kelib qizini olib ketardi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, Habib ikkalasini Rossiyaga, ishlashga, shu maqsadda havo almashtirishsa, farzandli bo‘lishar degan umidda jo‘natadigan bo‘lishdi. Oldin Habib ketdi, keyin ayollar uchun ish bor, deya mahallamizdagi xorijda ishlovchilardan biri aytib qolgandi, men ham Shohista bilan jo‘nayman, deb turib oldim. Oldinlari ham xorijda ishlab kelib yurganim uchun erim qarshilik qilmadi. O‘g‘lim «Oyi, nima qilasiz, yoshingiz ham ellikka borib qoldi», desa ham, ahdimdan qaytmadim. Shohista «Kelinim sen bilan bo‘lsa, ko‘nglim ham xotirjam yuraman», deya xursand bo‘lgani-ku aytmasam ham bo‘lar.

Rossiyaga yetib borgach, omadim kelganiga amin bo‘ldim. Biz ayollar jamoasida ishlardik. Faqat bittagina haydovchimiz bor edi. Farangiz kun bo‘yi ko‘z o‘ngimda edi. Endi unga qarshi rejalar tuza boshladim. Oxiri jamoamiz boshlig‘iga pul berdim-da, Farangizning ustidan tuhmat yog‘dirdim. Tez orada u haqda haydovchi bilan don olishadi, degan gaplar tarqaldi. Yana bir kun haydovchining telefonini tushlik payti yashirincha olib qo‘ydim-da, kechasi boshlig‘imiz bilan birga tinimsiz Farangizning qo‘l telefoniga xabarlar jo‘natib, qo‘ng‘iroq qildik. Oxir-oqibat, ertalab Farangiz yig‘lab qo‘ng‘iroq qildi.

— Xola, erim haydayapti! O‘zing ham, bolang ham kerakmassan, deyapti. Endi orzum ushaldi, homiladorman, deganimda-ya, — deb hiqqilab yig‘lardi sho‘rlik.

Men uning homiladorligidan bexabar edim. Tuhmatim natija berganidan bir tomonda xursand bo‘lsam, bir tomonda Farangizning ko‘z yoshlari yuragimni o‘rtardi. Biroq endi ortga yo‘l yo‘q edi. Qo‘shniligimiz yuzasidan Habib bilan bir-ikki gaplashmoqchi bo‘lib ko‘rdim, biroq u eshitishni ham istamadi. Nima gapligini so‘rab qo‘ng‘iroq qilgan Shohistaga ham haydovchi bilan bog‘liq uydirmani aytib berdim. Tilini tishlab qoldi u ham. Bir hafta bag‘rini yerga berib yig‘lab yotgan Farangizga otasi pul jo‘natib, uyiga qaytarib oldi. Men ham ikki oycha ishlab, oyog‘im og‘rigach, uyga qaytdim.

Mana, o‘sha voqeadan besh oy o‘tdi hamki, Farangiz ota uyida. Habib esa Rossiyadan kelmayapti. «Qishloqda hamma xotini bir rus bilan yurib ketibdi, deya ustimdan kuladi», deya nomusning zo‘ridan qaytolmayapti. Shohista sho‘rlik yig‘lab oldimga chiqadi. «Yolg‘iz guvoh sizsiz, to‘g‘risini ayting», deya Farida ham zorlanib keladi. «Farangiz tuppa-tuzuk yurgandi», degan gapdan boshqa so‘z ayta olmayman. Shu kunlarda ko‘zi yorishi kerak bo‘lgan kelinchak bolasi tug‘ilgach, oilasiga qaytishga umid qilib yashayapti...

Vijdon azobi eng dahshatli og‘riq ekan... Uning davosi tavba va kechirim so‘rash. Tavba deya ichimda gunohimdan o‘tishini Yaratgan so‘rasam-da, yonginamdagi qo‘shnimdan uzr so‘ray olmayapman...

Yarim kechasi uyg‘onib ketaman-da, tong otsa, hammasini Shohistaga aytaman, deya o‘zimga so‘z beraman. Ammo ertalab yana bu niyatimdan qaytaman. Axir nima degan odam bo‘laman? Hali kelin tushirib, yana bir qizimni uzatishim kerak? Tuhmatchi, hasadgo‘yligimni bilganlar men bilan quda bo‘larmidi? Xullas, yuragim yonib, vijdon azobida qovrilib sizlarga qo‘ng‘iroq qilayapman. Balkim gazetadan o‘qib qolishar? Yana mendek alamzadalar to‘g‘ri xulosa chiqarishar.

Shohsta, kechir, meni! Yilar davomida sening mehringga zahrim bilan javob berib keldim.

Farangiz, begunoh, farishtadek kelinchak, oldingda gunohim katta! Nomingga dog‘ tushirdim. Ona bo‘lganingdan keyin oqlanishingga ishonaman, qizim!

Habib, bilaman, erkaklik g‘ururi sabab ayolingni kechira olmayapsan. Ishon, u farishta! U vafodor!

Kechiringlar meni...

Shoira VAFOYEVA oqqa tushirdi.




Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: SEVGI DUNYOSI
Просмотров: 4671 | Рейтинг: 0| Рейтинг: tuhmat, Alamlarim, aylandi
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 23:27
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное