“Zita va Gita” singari ko‘plab filmlar orqali tanilgan hind kinematografi yulduzi Hema Malini Hindistonning shimoli-g‘arbidagi Rajaston viloyatida avtohalokatga uchradi. Bu haqda Indian Express gazetasining onlayn versiyasi xabar bermoqda.
Aytilishcha, aktrisaga tegishli Mercedes avtomashinasi boshqa rusumdagi yengil avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. Halokat oqibatida bir bola halok bo‘lgan, to‘rt kishi jarohat olgan.
Malini Jaypurdagi Fortis xususiy shifoxonasiga yotqizilgan. Shifoxona vakillarining ishontirib aytishicha, aktrisaning hayoti xavf ostida emas.
Agraga ketayotgan aktrisaning mashinasini uning shaxsiy haydovchisi boshqarib ketayotgan bo‘lgan.