Yuridik kollej sobiq direktori jinoiy javobgarlikka tortildi
Avvalroq, Toshkent yuridik kolleji direktori Natalya Temirova lavozimidan ozod etilib, ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan jiddiy xato va kamchiliklari uchun “2-darajali adliya maslahatchisi” maxsus unvon-martaba darajasidan mahrum qilingan edi.
Ma’lum qilishlaricha, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Toshkent yuridik kolleji direktori lavozimida xizmat qilgan Natalya Temirova va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2017 yil 12 sentyabrdagi 250-um-sonli buyrug‘iga asosan Toshkent yuridik kolleji o‘qituvchilarining murojaati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan edi.
Xizmat tekshiruvi davomida Toshkent yuridik kolleji faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirishda Natalya Temirova tomonidan kadrlarni ishga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yilganligi, xodimlarni ishga qabul qilish, ishda qoldirishda ta’magirlik va qonunbuzilishlar mavjudligi, xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari asossiz qo‘llanilganligi, kadrlar qo‘nimsizligi yildan-yilga oshib borganligi, o‘quv jarayonida hamda bitiruvchilarga diplom berishda qonunchilik talablari buzilganligi, ish yuritish va ijro intizomi masalasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashilganligi, topshiriq va ko‘rsatmalarning tizimli ravishda bajarilmasligi hamda boshqa bir qator qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, kollej mehnat jamoasi o‘rtasida guruhbozlik va nosog‘lom muhit shakllanganligi, ma’naviy-tarbiyaviy ishlarning o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi va rahbar xodimlarning o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi oqibatida 2017 yil 6 oktabr kuni o‘quvchilar tomonidan kollej hududida og‘ir jinoyat sodir etilgan.