Ko‘p narsalar bizga bog‘liq emas, — dedi u cheksiz nadomat aks etgan nigohlarini yerga qadagancha. — Hatto ba’zida o‘z hayotimizdagi voqealarga ham daxl qila olmay qolamiz. Aralashishga haqqimiz yo‘qdek tuyuladi. Ko‘ramiz, bilamiz, ammo chetda turishga, jim kuzatishga majbur bo‘lamiz.
U ilon aks etgan nuqra uzukli uzun barmoqlarini peshanasi bo‘ylab yurg‘izarkan, yengilgina “uh” tortib qo‘ydi. So‘ng hech bir pardozsiz ham zulukdek qorayib turgan qoshlarini chimirdi. Katta, charos ko‘zlarini berkitishga uringan uzun-uzun kipriklarini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lgandek, pastga tikilgancha jim qotdi. Shu holida uning ko‘zlari ochiqmi, yumuqmi bilib ham bo‘lmasdi.
U chindanda go‘zal ayol edi. Lekin nima uchundir, buni men bir qarashda payqamabman. Balki, qanday ayolligini bilganim uchun shunaqa tuyulgandir?
O‘zi nega keldim? — dedi u nigohlarini menga qaratarkan. Keyin istehzo bilan kulib, yana so‘zladi. — Odam ba’zida dardkash qidiradi. Bugun menga dardkash kerak bo‘ldi.
Men ishonchli dardkashman, — dedim unga.
So‘zlarim kuchsiz va soxta yangragandek bo‘ldi o‘zimga.
Bilaman, shuning uchun ham keldim, — dedi u xo‘rsinib. — Tanishligingizga qaramay, gaplarimni mahallaga chiqarib, bor sirimni yoyishingizni bilsam ham keldim. Chunki notanish psixolog bu yaqin-atrofda yo‘q.
Men uning oxirgi gaplariga e’tiroz bildirmadim. Sababi, bir marta uning ishonchini paymol etgandim. O‘sha voqea esga tushib, yerga qaradim. Kim bilsin, qizargandirman, ham. Lekin darhol o‘zimni qo‘lga olib, qat’iy dedim:
O‘zingiz aytganingizdek ko‘p narsalar bizga bog‘liq emas. Ammo bugungi eshitganlarim tishimdan tashqariga chiqmaydi. Bemalol gapiravering.
Buni men ko‘p yillar ichimda saqladim. Endi o‘ylasam, bundan foyda yo‘q ekan. Bugun gapirib yengil tortmoqchiman. Yurakda turgan narsa baribir qalbga botadi, qiynayveradi. Undan ko‘ra aytish va qutulish kerak ekan, — dedi u.
Men aytmoqchi bo‘lganlari o‘sha voqea bilan bog‘liqligini his qildim. Ayol esa ilon shaklidagi uzugini o‘ynagancha, ma’yus so‘zlay boshladi.
Erimning xiyonati tufayli ajrashib kelgan vaqtlarim edi. Bolam kasal bo‘lib qoldi. Hali ishlamas, uydagilarning ko‘ziga balodek ko‘rinib yurgan damlarim. Zig‘ircha bo‘lsin og‘irligim tushishini istamayman. Shuning uchun shifoxonaga o‘g‘limni o‘zim olib bordim. Tinimsiz qusayotgan, shalpayib qolgan bolamni bag‘rimga bosgancha jon holatda kirib bordim. Singlim ishlagan, yana o‘zimizning shifoxona emasmi, hamma tanish. Shuning uchunmi, terapevtning huzuriga bostirib kirdim. Kirdim-u, qo‘limda bolam bilan qotib qoldim. Bir zum dilbandimning xastaligi ham esimga kelmadi. Ko‘zlarimga ishonmadim. Singlim shifokorning quchog‘ida turar, ko‘ksiga boshini qo‘ygancha bir nimalar deb shivirlashardi. Kutilmaganda bostirib kirganim, ularni ham shoshirib qo‘ygan, shunchalar aqlini olgandiki, bir-biridan uzoqlashishni ham o‘ylamay qotib turardi.
Mening miyam esa yashin tezligida ishladi. Begonalarning nigohi tushmasin deya, darhol eshikni yopdim. So‘ng bolamni bag‘rimdan qo‘ymay, borib singlimning yuziga shapaloq tortdim. Hayronman, o‘g‘limni ko‘tarib turganim holda buni qanday qilgan ekanman?
Shundan keyingina ular bir-birini beixtiyor o‘zidan itardi.
Iflos! Uyalmaysanmi, oilali bo‘la turib, yosh qizning boshini aylantirishga! — dedim shifokorga.
Astaroq! — dedi u ko‘zlari katta-katta bo‘lib.
Uning o‘rniga o‘zingning singlingni qo‘yib ko‘r, maraz! — dedim alamdan yonib. — Borib xotiningga aytaman!
Ayt! O‘zingning singlingni o‘zing sharmanda qil! Singlingning o‘ziga kerak, bilding! Xohlasam, sening ham boshingni aylantiraman! O‘lib turgandirsan! — xunuk irshayib dedi u.
Nima? Voy iflos-e-ey! Og‘zingga qarab gapir! Seni odam deb bolamni olib kelibman-a? Senga o‘xshaganlardan yaxshilik kutib bo‘larmidi? Undan ko‘ra boshqa joyga olib boraman!
Shu payt eshik ochilib, qo‘shni xonadagi shifokor kirib keldi. Hamshirayu bemorlar bo‘ynini cho‘zib qaray boshladi.
Tinchlikmi? — dedi haligi do‘xtir.
Men to‘lib turganim uchun yig‘lab yubordim. Singlim shundoq ham qo‘rquv va sharmandalikdan yum-yum yig‘layotgandi.
Mana bu iflos... xotinboz... — dedim-u tilimni tishladim. Chunki hali turmushga chiqmagan singlimning sha’ni meni gungga aylantirdi. Hozir bor voqeani aytsam, uning nomi yomonga chiqar, shu bilan kelajagi barbod bo‘lardi.
Xotinboz? — haligi shifokor ham hamma gapni bilish uchun atay o‘smoqchilab dedi. — Sizga biror nima dedimi?
Men jim qoldim.
Biror nima dedingmi? — hamkasbiga qaradi u.
Yo‘g‘-e, noto‘g‘ri tushundi. Shunchaki o‘zimga yaqin olib yelkasiga qo‘limni qo‘ygandim...
U bu so‘zlarni singlimga nisbatan aytayotganini sezib, darrov tilidan gapini oldim:
Bola qolib, menga qo‘l cho‘zasanmi, iflos! Bolamni ko‘rsatgani olib kelgandim...
Tuhmat qilma! — baqirdi u chidolmay. — Men...
Uning nima demoqchiligini bilib, darhol to‘xtatdim:
Bo‘ldi. Hozir bir chetga o‘tamiz-u, gaplashib olamiz. Do‘xtir siz bolamni ko‘rib turing, — o‘g‘limni singlimning qo‘liga tutqazdim va haligi shifokorga tayinladim. — Qusyapti, yaxshilab tekshiring.
Keyin darhol haligi terapevtning qo‘ltig‘idan olib, tashqariga yetakladim. Shunchalik tutab, yonib turgan bo‘lsam-da, bosiqlik bilan dedim:
Iltimos, singlim haqida hech narsa demang. Kelajagini o‘ylang! Tinch qo‘ying! So‘raganlarga mayli meni biror nima deng. Lekin singlimni...
Singlingni tinch qo‘yaman. Lekin... sening boshing ochiq-ku! Gaplashib tursak bo‘lar... — dedi u menga ko‘zlarini lo‘q qilib.
Jonim halqumimga keldi. Qani, dunyo ko‘tarsa, bo‘g‘ib o‘ldirsang. Baribir o‘zimni tutolmadim, yuziga shapaloq tortdim. U bo‘lsa qo‘limdan mahkam tutdi-da, alam bilan dedi:
Shu qilganing uchun ham bir martaga xotin qilaman seni!
Men hech narsa deyolmadim. Qo‘limni kuch bilan tortib oldim-u, ortimga qaytdim. Tabiiyki, buni suhbatni shifoxonada ko‘pchilik ko‘rdi. Albatta, hamma bizning oramizda nimadir bor deb o‘yladi. Harqalay, terapevt mard chiqdi, singlim haqida lom-mim demadi. Afsus, men uning ma’shuqasiga chiqdim. Bu haqda uning o‘zi gap tarqatibdi. Janjal haqida so‘raganlarga, kinoya bilan “Bir eridek ko‘rib, erkalik qildi-da! Tushuntirdim, boshqa bunday qilmaydi. Oilam men uchun birinchi o‘rinda turishini qulog‘iga quydim”, debdi.
Bu voqeadan keyin uyda katta janjal bo‘ldi. Akam, otam qo‘l ko‘tarar darajagacha bordi. Lekin men heya narsa demadim. Boya aytganimdek hayotimizdagi ko‘p narsalar bizga bog‘liq emas. Ularni jimgina o‘tkazib yuborishdan boshqa chora topolmaymiz. Men ham shunday qildim. Hammasini sukut bilan yengishga harakat qildim. Keyin siz chaqirdingiz.
Erimni tinch qo‘y, iflos! — dedingiz ko‘zlarimga tik qarab.
Siz psixologsiz. Odamlarning fe’lini, xulqini bir qarashda bilasiz. Ayting, men shunaqa ayolga o‘xshayapmanmi? Eringiz bilan ishim ham yo‘q. O‘sha kuni tushunmovchilik bo‘ldi, — dedim va jim qoldim. Tabiiyki, qolgan gaplarni ayta olmasdim.
Ha, shunday bo‘ldi! — dedim ortiq toqat qila olmay. — Iltimos, buni boshqalarga aytmang. Sevib qolgandim, eringizni. Lekin oilasini buzmoqchi emasman. Tinch qo‘yaman, xotirjam bo‘ling!
Bu gaplarimni siz chiqa solib, olamga jar soldingiz: “Erimni sevishini tan oldi, lekin ta’ziri berdim. Agar yana erimga osilsa, sochini bittalab yulaman....”
Men esa o‘zim haqimdagi, o‘z hayotimda bo‘layotgan voqealarni sukut bilan kuzatishdan boshqasiga yaray olmadim. Singlimni o‘yladim. Shukrki, u o‘z tengini topdi. Baxtidan tindi. Bugun ikki bolaning onasi. Endi uning hayotiga hech kim rahna sola olmaydi. Lekin men...
Ayol hikoyasi shu yerga kelganida menga bir qarab oldi. Tim qora, yirik ko‘zlari o‘ta jozibali edi. Negadir u jilmaydi. So‘ng so‘zida davom etdi:
Men halovatimni yo‘qotdim. Halovat istab keldim, yoningizga. Bu gaplarni aslida aytmasam ham bo‘lardi. Lekin... eringiz... o‘shandan buyon menga tinchlik bermaydi. “Meni sevishingni xotinimga aytibsan-ku!” deya hol jonimga qo‘ymaydi. Alamdan, jahldan to‘lib ketganimdan aytganimni tushunishni ham istamaydi. Mana, bor haqiqatni bildingiz. Bularni kimgadir aytish-aytmaslik ixtiyoringizda. Lekin iltimos, eringizga psixolog sifatida tushuntirishga, maslahat qilishga so‘z bering. Men tinch yashashni istayman! To‘g‘ri, o‘shanda singlim yoshlik qilmaganida, uning or-nomusini, sha’nini, nomini o‘ylamaganimda o‘zimni o‘zim yomonga chiqarmasdim. Endi yaxshiligimga birov ishonmaydi ham. Ammo tinch yashashga haqqim bor-ku! Meni tushundingiz, a?
Nima uchundir unga havasim keldi. Balki, uningdek fidoyi opam bo‘lishini istagandirman, ehtimol, u kabi go‘zal bo‘lgim, erimning e’tiborini tortgim kelgandir, nima bo‘lganda ham unda havas qilgulik fazilatlar ko‘pligiga amin bo‘ldim...
Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat! Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Singlisini xiyonatini berkitolgan ayol erini ham xiyonatini berkitolgan, kechirolganida edi bu qadar qiynalmagan bo‘lardi. Chunki singlisi bo‘lajak umr yo‘ldoshiga xiyonat qilgandiku, bu ham xiyonat sanaladi.