El xizmatidan hech bo‘shamaydigan san’at ahli yanvar kelishini hammadan ko‘ra intiq kutadi! Axir, ular uchun dam olish mavsumi – qaynoq yozning iyul-avgust oylari emas, ayni kumush qishning yanvari va fevrali! Qishning shu ikki oyida aksariyat san’atkorlar to‘y xizmalari kamligi sababli, o‘zlari uchun ta’til e’lon qilishlari ayni muddaoga aylanadi. Kim planetamizning issiq o‘lkalariga juftakni rostlab qolsa, kim do‘stu yorlari bilan uchrashib, dildan suhbatlashishga, oilasi bag‘rida farzandlariga ko‘proq vaqt ajratishga imkon topadi.
Shu kunlarda Shahzoda, Alisher Ro‘zmetov, Nilufar Usmonova kabi qator yulduzlar Dubayda hordiq chiqarayotgan bo‘lsa, yana bir guruh san’atkorlar bir davrada yuzma-yuz ko‘rishib, to‘kin dasturxon atrofida ko‘ngil yozishni ma’qul topishdi.
“Festival event” markazining yangi g‘oyasini ko‘pchilik qo‘llab-quvvatladi. Yangi Yil bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda poytaxtning to‘yxonalari reytingi bobida yakka saroy – “Yakka Saroy” restoranining kichik zalida shou-biznesning eng taniqli vakillari jamul-jam bo‘ldi. To‘y va konsertlarga daxli bor odam borki, ularning deyarli barchasini shu kechada uchratish mumkin edi. San’atkorlar va ularning “motor”lari - prodyuserlar, ish yurituvchilar, suxandonlar, boshlovchilar, to‘y va marosimni boshidan oxiriga qadar tashkil etishdagi mas’ullar... Bunday hamjihat yulduzli davrani har doim ham ko‘ravermaysan, kishi! Shou olamida olamshumul voqea bu!
Restoran “Festival event” tomonidan shu qadar yuksak did bilan bezatilganki, go‘yo Hollivudning biron “party”siga kelgandekmiz! Har bir dekorativ detallarga san’atkorona yondoshilgan! Axir, bu bazm san’at ahliga bag‘ishlangan-da!
Kechaning eng katta shov-shuvi Yulduz Usmonovaning tashrifi bo‘ldi. Bu ham mayli, uning hamkasblari uchun gonorarsiz kuylagani e’tiborga loyiq! Primadonna yangi albomiga kiritilgan eng sara uchta qo‘shig‘i – “Opam”, “Uzoqdan”, “Sabo bo‘lib”ni maxsus sahnalashtirilgan raqslar bilan taqdim etdi! Bu chiqish - imkon bo‘lganida, “Istiqlol” saroyi sahnasida taqdim etiladigan yangi dasturdan bir parcha - mini-konsertning o‘zginasi bo‘ldi! Xonanda “qalampir”li gaplarini ham yodidan chiqarmadi. Achchiq, biroq, dilidagi haq gaplarini aytdi. Uning final qo‘shig‘i qaysi bo‘lishi mumkin? Ha, bu deyarli barcha o‘zbekka yod bo‘lib ketgan “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!”. Bu qo‘shiqsiz, Usmonovaning finali “chala” bo‘lib qolardi. Barcha o‘rnidan turib, Yulduzga jo‘r bo‘ldi. Vatanga hurmat, yurtimiz haqidagi eng rost qo‘shiqqa hurmat, shu qo‘shiqni yurak-yuragidan kuylayotgan hofizaga hurmat! Primadonna barcha mehmonlarga, hamkasblariga qarata shunday dedi: “Ikki so‘m topsa, uch so‘m qarz olib, to‘y qilib, biz san’takorlarni rozi qilayotgan xalqimiz uchun oyoqda turmaslik, chin hurmat bajo keltirmaslik vijdonsizlikdir! Yurtimiz omon bo‘lsin! Yurtboshimiz omon bo‘lsin! Yurtimizdagi mana shu tinchlik sabab, ishimizda, uyimizda, dasturxonimizda baraka bor! To‘yu tantana bor! Hozirguday dil yozib, to‘kin dasturxon atrofida o‘tirib, bir-birimizga tabassumimizni ulashishimiz bor!”
Shundan so‘ng, navbatni “Yalla” yakkaxoni Farruh Zokirov oldi. Odatda, fonogrammada kuylashni xush ko‘radigan Farruh aka bu gal hammani hayratga soldi! U bor ovozini mikrofonga “urib”, “Majnuntol” deya kuylay boshladi... Unga bu taronani biladigan boshqa xonandalar ham jo‘r bo‘ldi: Akbar, Rashid Xoliqov, Matin...
Farruh Zokirov o‘z nutqida juda ahamiyatga molik g‘oyani o‘rtaga tashladi. Unga ko‘ra, nochor san’atkorlar uchun fond tashkil qilish kerak. Bu fond san’at rivoji uchun xizmatini ayamagan, biroq, ayni paytda, qarovchisiz va moliyaviy tanglikda qolgan yoshi ulug‘ xonanda, aktyor, rassom, umuman olganda, yordamga muhtoj san’at ahliga xayr-sahovat ko‘rsatishni bosh maqsad qiladi. Zokirov ushbu ezgu ishga bosh-qosh bo‘lishga nomzod sifatida boshlovchi Rixsitulla Abdullaevni ko‘rsatdi. Ko‘pchilik uni olqishlab, ma’qulladi. Yangi taklif, yangi g‘oya-ku, yaxshi, biroq, kim birinchilardan bo‘lib, amalda o‘z beg‘araz moddiy yordamini ko‘rsatishni isbotlarkin? El og‘zidagi yarim hazil, yarim chin bir gap esga tushadi: “San’atkor berishni emas, olishni yaxshi ko‘radi”!
Yaqinda Dubaydan qaytgan sevimli xonanda Ulug‘bek Rahmatullaevni ko‘rganlar, uning ham qo‘shiq kuylashini kutgan bo‘lishi, tabiiy. Biroq, Ulug‘bek bilan suhbatlashganimizda, u bu kechada faqat hordiq chiqarishni maqsad qilganini, shundoq ham atigi uch kundan so‘ng yana ketma-ket el xizmatlari boshlanishini aytdi.
Rashid Xoliqov. “Shahzod” yakkaxoni sahnada paydo bo‘lar ekan, hamma raqsga tushishga tayyor turadi! Necha yillarki, necha to‘y-bazmlarda bu an’ana davom etmoqda. “Quralay”, “Leyla”, “Voy”... Stol atrofida hech kim yo‘q! Hamma davrada. Hatto, Ozodbekning prodyuseri - raqsga tushishni hech xushlamaydigan, tortinchoq Ilyos Dadaboyev ham hamksblari bilan Rashid to‘xtatmaguncha, davrani hech bo‘shatmadi. Xoliqov kechaga qanday fayz olib kirishni biladi. Bir-biriga raqiblar, raqib bo‘lmaganlar, bir-birini xushlaydiganlar-u, xushlamaydiganlar – hamma xursandchiligini ko‘rsata oldi! Hamjihatlikka ko‘z tegmasin!
Ushbu bazmda yana “Sharq”, “Navo”, “Karavan” guruhlari ham qo‘shiqlar kuyladi. “Serenada Ijod” esa jonli ijroda kuylashni qoyillatdi. Boshqalar shu guruhning jonli kuylashda jonkuyar ijodkorlaridan o‘rnak olishsa, bo‘lardi! “My Way”, “Amore Mio” layv ijroda hali bu qadar yoqimli yangragan emas!
Xullas, kuylagan kuyladi, dam olgan dam oldi, o‘ynagan o‘ynadi, yegan yedi...selfi qilgan, tezda instagramga muhrladi!
Tashrif buyurgan barcha ularni bir kechada do‘stona muhitda birlashtirgan tashkilotchilarga, xususan, “Festival event”ga chin dildan minnatdorchilik bildirdi! Loyiha muallifi Hasanga ko‘ra, bunday musiqiy kechalar har kuni bo‘lmasa-da, katta-katta bayramlar atrofida uyushtirilishi rejalashtirilgan!
Darvoqe, agar bunday kechalar an’ana tusini olsa, Farruh Zokirov taklif qilgan muhim g‘oya yulduzlarning keyingi dillashuv kechalarida biron natija berar? Chunki, san’at ahlining ishi ko‘p, shundanmi tez unutishadi. Mashhurlikning yuki og‘ir-da! Bu gal g‘oya aytilgan bo‘lsa, keyingi safar esga solinadi... A, undan keyingi uchrashuvlarda biron natija bo‘lar...G‘oya g‘oyaligicha qolib ketsa, uni boshida ma’qullashganlari yolg‘onga aylanib qoladi-da!
Muhimi, ezgulik o‘lmasin! Qalblarda yaxshi niyatlar bor bo‘lsin! Hayotimiz baxtli va osoyishta kunlarga to‘la bo‘lsin!