O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova yangi yilni yangi shijoat bilan qarshi oldi. Ma’lumki, yangi yil arafasida Ustoz san’atkorning "Kelmadi" taronasi taqdim etilgan edi. Qisqa fursatda ommalashgan musiqiy asardan so‘ng, yangi yilning ilk kunlarida yana 3 ta qo‘shiq "Qoraqalpog‘im", "Norasida", "Kim bilar" nomli musiqiy asarlar muxlislar hukmiga namoyish etildi. Mazkur qo‘shiqlarning har biri xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi. Bu hali hammasi emas, yangi qo‘shiqlar taqdimoti yana davom etadi. Oldinda yana bir nechta qo‘shiqlar xalqimizga armug‘on qilinish arafasida. Shu bilan birga Yulduz Usmonova mart oyida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturi uchun ham bir nechta qo‘shiqlar yaratmoqda. Eslatib o‘tamiz, Yulduz Usmonova 10 martdan 25 martgacha "Xalqlar do‘stligi" san’at saroyida navbatdagi konsert dasturini taqdim etadi.