Yulduz ortidan Ozoda ham konsert kunini e’lon qildi. Faqat...
2006 yilda “Istiqlol” san’at saroyida so‘nggi konsert dasturini taqdim etgach, Yulduz Usmonovaning ortidan yo‘qlikka singigan Ozoda Nursaidova va nihoyat yangi konsert taraddudini boshladi.
12 yildirki, xonanda TVdan yiroqda, uning qo‘shiqlari O‘zbekistondagi telekanallarda namoyish etilmaydi. Xonanda norasmiy taqiqqa uchragandi. Ayrim hollarda radioto‘lqinlar orqali Ozodaning qo‘shiqlari quloqqa chalinadi, ommabop gazetalarda intervyulari chop etiladi. Biroq TV orqali ko‘rinishdan darak yo‘q.
Xonanda bu orada ikkita musiqiy albomini tinglovchilarga taqdim etdi.
2016 yilda Ozodaning birdan ozib ketishi, jarrohlik amaliyoti orqali tashqi qiyofasini o‘zgartirishi odamlar e’tiborini tortgan edi.
Yaqinda xonanda Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbek milliy taomlari restoranining ikkinchi qavatdagi balkonidan turib, restoran eshigi atrofiga yig‘ilganlar uchun kichik konsert bergan edi. Navbatdagi konsert esa katta san’at saroyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xonanda Ozoda Nursaidova joriy yilning 1 aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahrida 60 kishilik orkestr bilan jonli ijrodagi konsert dasturini taqdim etadi. Turkiyadagi mazkur konsert Ozodaga nisbatan O‘zbekistondagi munosabatni ham o‘zgartirsa, ajab emas.