Yosh ulg‘aygani sari “qorin qo‘yish”ning sababi nima?
Insonning yoshi ulug‘lashgani sari organizmi yog‘ni eritib yubormasdan teri ostiga, muskullarga, ichki a’zolar atrofiga to‘play boshlaydi. Boshqa a’zolarda to‘plangan yog‘ unchalik sezilmasligi mumkin, ammo qorin bo‘shlig‘idagisi tana shaklining o‘zgartirib yuboradi.
Amerika va Germaniya olimlari buning sababini o‘rganish maqsadida sichqonlarda tajriba o‘tkazishdi. Sichqonlarga ma’lum infeksiyalar yordamida ta’sir qilinganda, katta yoshli sichqonlarning qorin yog‘idagi B hujayralar birdaniga o‘sa boshlagan. Bu modda almashinuvi va yallig‘lanish bilan bog‘liq jiddiy muammolarga olib kelgan.
Yosh sichqonchalarda ham B hujayralar kattalashgan, biroq organizm infeksiyani bartaraf eta olgan va B hujayralar asl holiga qaytgan.
Tadqiqotdan ma’lum bo‘ladiki, yosh kattalashgani sayin B hujayralar kattalashsa kattalashadiki, ammo kichraymasdan qorin yog‘ida qolaveradi va diabet hamda yallig‘lanish kasalliklariga moyillikni oshiraveradi. Olimlar B hujayralarni neytrallashtiruvchi dori vositalarini kashf qilishgan, lekin uning samaradorligini sinab ko‘rish kerak, deyishmoqda.
Qorin semizligi – qorin bo‘shlig‘i hamda tananing yuqori qismida joylashgan ichki a’zolarning yog‘ to‘planishi bilan bog‘liq, jiddiy e’tibor berish lozim bo‘lgan patalogik holatdir.
Tibbiyot xodimlari qorin semirishining oldini olish maqsadida doimiy ravishda bel o‘lchamlarini olib yurishni maslahat berishadi. Bel o‘lchami erkaklarda 102 santimetrdan, ayollarda 88 santimetrdan oshmasligi lozim.