Tishlarni g‘ijirlatish – tibbiyot tilida – bruksizm deb ataladi. Bu organizm o‘zi idrok etmagan xolda jag‘larni yumish va tishlarni g‘ijirlatish odatidir. Odatda bruksizm inson uxlayotganda yoki muxim bir narsaga diqqatini jalb qilgan paytida kuzatiladi. Shu sababli inson bu qilig‘ini o‘zi sezmasligi mumkin. Agarda jag‘laringizda og‘riq bo‘lsa va tishlar sezgirligini oshganini, ularni sinuvchan bo‘lib qolganini va tushib qolayotganini sezsangiz, demak bruksizm Sizni xam chetlab o‘tmabdi degani. Bunday paytlarda bruksizm sababini aniqlash va stomatologga uchrash tavsiya etiladi.
Tishlar g‘ijirlatishini sababi quyidagilar bo‘lishi mumkin:
• Stress va charchash;
• Antidepressantlar qabul qilish;
• Uyquning buzilishi;
• Zararli odatlar;
• Noto‘g‘ri prikus.
Tishlarni g‘ijirlatishning eng bosh sababchisi ichakdagi gijjalar bo‘lishi mumkin degan taxminlar mavjud. Ammo olimlar bu fikrga qo‘shilmaydi. Ularning fikricha tishlarni g‘ijirlatadigan odatingiz bo‘lsa darxol borib ichak qurtiga taxlil topshirmasdan, yomon odatlardan qutilishga, bo‘shashishga va turli muammolardan chalg‘ishga xarakat qilish zarur.
Quyidagi maxsus mashqlarni bajarish jag‘ muskullarini bo‘shashtiradi va tishlarni g‘ijirlatish odatidan qutulishga yordam beradi. Og‘zingizni xuddi esnagan singari katta oching va jag‘ muskullarini iloji boricha cho‘zilishiga sharoit yarating. Og‘zingizni yumib, ostki jag‘ingiz bilan xar ikki yonga 10 martadan qimirlating. Og‘zingizni 8-10 marta katta ochib yoping.
Agar tishlar gijirlatishining sababi stress va notinchlik bo‘lsa, unda psixologga murojaat qiling.