“Yil qo‘shig‘i - 2014” mukofoti o‘z egalariga topshirildi
29—30-yanvar kunlari bo‘lib etgan “Yil qo‘shig‘i — 2014” mukofoti gala-konserti o‘zbek san’ati vakillari uchun unutilmas lahzalar taqdim etdi, deb xabar beradi“Popcorn.uz”.
Konsertning ikkinchi kuni birinchi kuni singari Umidaxon ijrosidagi “Alla” qo‘shig‘i bilan boshlandi.
So‘ngra retro qo‘shiqlar ketma-ketligi ulandi. Sahnada Alisher Ro‘zmetov, Otabek Mutalxo‘jayev hamda Yodgor Mirzajonov “Dilbarim” taronasini birgalikda ijro etdi.
“Maftuningman” kinofilmidan Oybek va Nigora hamda yosh iste’dodli xonanda Muzaffar Mirzarahimov ishtirokida sahna ko‘rinishi namoyish etilib, barchani ko‘nglidan o‘rin egallagan “Maftun bo‘ldim” , “Mahallada duv-duv gap” filmida yangragan qo‘shiqlarni ijro etildi.
Nihoyat, konsertning asosiy qismi boshlanib, 2014-yilning eng sara va xit taronalari egalari sahnaga birin-ketin chorlandi.
Tadbirda Otabek Muhammadzoxidning “Telba denglar” qo‘shig‘i (matn va musiqa muallifi xonandaning o‘zi) yilning eng sara qo‘shiqlari qatoridan joy oldi. Mukofotni O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova topshirdi va “ElDiDo” guruhi bilan birga “Hay-hay” taronasini kuyladi.
Alisher Fayzning bastakor Fazliddin Rahmonov va shoir Nasrullo Sadriy qalamiga mansub “Yolg‘on ekan-ku” taronasi ham yil qo‘shig‘i deb topildi. Mukofotni taniqli shoir Bobur Bobomurod topshirdi.
Navbatdagi mukofot Ziyodaning Bahodir Nizamov so‘zi, Umid Obidov musiqasi bilan dunyoga kelgan “Sevadi yorim mani” taronasiga nasib etdi. Ziyodani sahnada Alisher Fayz taqdirladi.
Shohruxhonning o‘z so‘zlari bilan yaratilgan “Mening qo‘shig‘im” taronasi musiqasini Jasur Badalboyev bastalagan. Mukofotni Rayhon topshirib, muborakbod etdi.
Rayhonning “Izlama” taronasi (shoira Zuhra, bastakor Ubaydulla Karimov) eng sara qo‘shiqlardan deb e’lon qilingach, mukofotni topshirish uchun sahnaga taniqli kompozitor Shuhrat Zokirov chiqdi.
Navbatdagi mukofot Dilfuza Rahimovaga “Leley” taronasi (shoir Suhrob Rahimov, bastakor Aziz Avezov) uchun Mahmud Nomozov tomonidan topshirildi.
Bahrom Nazarovning “Ayrildim” taronasi (shoir Hushnud Darvesh, bastakor xonandaning o‘zi) ni taqdirlash uchun sahnaga chiqqan O‘zbekiston hamda Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov “Lola” qo‘shig‘ini ijro etib, tomoshabinlarni xushnud etdi.
“Ummon” guruhining “Eslab qol” (matn va musiqa muallifi guruh a’zosi Zohid Risqiyev) taronasi uchun mukofot “Sharq” vokal cholg‘u ansambli tomonidan taqdim etildi.
“Palov” qo‘shig‘i va kichik sahna ko‘rinishi namoyish etildi.
“Yil qo‘shig‘i” mukofotiga loyiq topilgan Shahzodaning “Qaynona” qo‘shig‘i (she’rini Komil Fozilov, musiqasini Kalin Mararu yaratgan) uchun “Kelinlar qo‘zg‘aloni” kinofilmidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Taqdirlash uchun Jahongir Poziljonov chiqdi.
Jahongir Poziljonovning o‘zi esa “To‘ylar muborak” taronasi (Botir Aliyev so‘zi, Eldor Qayumov musiqasi) uchun O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova tomonidan mukofotlandi.
Barcha g‘olib taronalar uchun “Yil qo‘shig‘i — 2014” statuetkalari topshirilgach, taqdirlangan san’atkorlar sahnaga jam bo‘lib “Yil qo‘shig‘i” madhiyasini kuyladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Yil qo‘shig‘i — 2014” taqdirlash marosimi bu yil ilk bora o‘tkazildi. Bu esa hali kelasi yillar davomida bundan-da ajoyib konsert dasturlari namoyishi davom etishi va yildan-yilga xit taronalar saralanishining ilk debochasidir.