“Yil qo‘shig‘i-2014” 29-30 yanvar kunlari aniqlanadi
Yoshlar madaniyat va san’at markazi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi ko‘magida “Yil qo‘shig‘i-2014” teleloyihasining yakuniy bosqichini o‘tkazish sanasini e’lon qildi.
Loyiha 29-30 yanvar kunlari “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tadigan gala-konsert bilan yakunlanadi. Tadbirda estrada yulduzlari 2014 yildagi eng xit qo‘shiqlarni ijro etishadi. Aynan ushbu chiqishlar teleloyihaning so‘nggi bosqichi hisoblanadi. Buning uchun “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi hamda FM radiostansiyalar tomonidan 50 dan ortiq ijodkorlarning 100ga yaqin qo‘shiqlari tadim etilgan bo‘lib, ushbu qo‘shiqlar radiotinglovchilar tomonidan ko‘proq qo‘yilishi iltimos qilingan.
Natijada, radiotinglovchilar hamda jamoatchilik fikr inobatga olingan holda eng yaxshi 20ta qo‘shiq tanlab olinadi. Har bir eng yaxshi qo‘shiq ijrochisi statuetka bilan taqdirlansa, uning bastakori va shoiri diplomni qo‘lga kiritadi.