O‘zbek estrada yulduzlari qaysi futbol jamoalariga muxlislik qiladi?
O‘zbek estrada yulduzlari qaysi futbol jamoalariga muxlislik qiladi? Futbol shunday jozibador o‘yinki, bu sport turiga qiziqqan insonlar soni juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Bekorga futbolni “millionlar o‘yini” deb atamaydilar. To‘p o‘yinini irqi, yoshi, millati, dini va qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar barcha sevib tomosha qiladi. Barchaga ma’lum, ayni paytda el ardog‘idagi san’akorlarimiz insonlarning yaxshi kunlaridagi marosimlarda xizmat qilish bilan band. O‘zlari bu davrni “mavsum” deb atashadi. Shunday bo‘lsada, ularning o‘zlari va yulduzlarimizga yaqin bo‘lgan kishilardan kerakli ma’lumotlarni yig‘ib olishga harakat qildik. Demak, tanishing! O‘zbek estradasining taniqli insonlari qanday futbol klublariga ko‘ngil qo‘yishgan? Ma’lum va mashhur san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Vodiylik xushovoz va tinim bilmas hofizimiz Kataloniyaning “Barselona” klubi ishqibozi ekan. Aytishlaricha, uning oila a’zolari ham “Barsa” ishtirokidagi barcha o‘yinlarni qoldirmay ko‘rarmish… “Nihol” mukofoti sovrindori, xonanda Ulug‘bek Rahmatullaev Yoshu-qariga bir xil yoqadigan qo‘shiqlar ijrochisi bo‘lgan xonandamiz Sharqshunoslik institutining tarix fakultetini tamomlagan ekan. Bu uning futboldagi tanlovidan ham sezilib turibdi. Shundan bo‘lsa kerak, Ulug‘bek tomirlari mustahkam ko‘p yillik an’analarga ega “Real” klubiga ishqibozlik qiladi. Kinorejissyor va xonanda, “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov “Internet” deya atalmish virtual dunyo bazasidan Jahongirni qanday unvonlarga ega ekanligi haqidagi ma’lumotlarni topa olmadik. San’atkor uchun xalq e’tibori va hurmatidan yuqoriroq unvon bo‘lmasa kerak. Kino olami va qo‘shiqchilikda yangi-yangi g‘oyalarga qo‘l uradigan serqirra ijodkor futbol olamida -“Barselona” klubini tanlagan. Uni milliy terma jamoamizning poytaxtdagi o‘yinlarida ko‘rganlar ham ko‘plab topiladi. Xonanda - Mirodil Hakimov Ma’lumki, yana bir andijonlik ajoyib ovoz sohibi bo‘lgan Mirodiljon o‘zi ijod qilgan qo‘shiqlardan tashqari retro qo‘shiqlarni maromiga yetkazib aytishni ham o‘rniga qo‘yadi. – Men yoshligimdan Italiyaning “Milan” klubiga muxlislik qilaman, - deydi xonanda. Betakror hujumchi Andrey Shevchenkoning o‘yinlaridan olam-olam zavq olar edim. Ayni paytda bu klub ishlari biroz oqsayotgan bo‘lishi mumkin, lekin, “Milan” hali albatta o‘zini ko‘rsatadi. Xonanda – Zohirshoh Jo‘raev To‘g‘risi, “Real” muxlisi qanday bo‘lishi kerak? - degan savolga javob izlaganlar mahzun va diltortar qo‘shiqlar ijrochisi Zohirshoh bilan suhbatlashishi lozim. – Men o‘zimning sevimli klubimga yoshligimdan mehr qo‘yganman,- deydi u. “Real”ga aynan Krishtianu Ronaldu borligi uchun muxlislik qiladiganlar ham bor. Lekin, men millionlab ishqibozlar yoqimtoyi bo‘lgan Ronaldu bo‘lmasa ham, bu klub tarkibida qanday futbolchilar o‘ynashidan qat’iy nazar baribir “Real”ni ashaddiy ishqibozi bo‘lib qolaman. Yana, milliy terma jamoamiz g‘olib bo‘lsa quvonchimni cheki yo‘q bo‘ladi Xonanda va kinorejissyor - Shavkat Jayron Bir necha yillar avval qo‘shiqchilikdan ajramagan holda “Ruh 5:13” filmini suratga olib shuhratga ega bo‘lgan Shavkatbekni futbolga mehri bo‘lakcha. Lekin, u boshqa estrada dunyosi vakillaridan farqli o‘laroq o‘zga yurt jamoasiga emas, balki, o‘zimizni milliy terma jamoamizga ishqibozlik qiladi. – Yurtim bayrog‘i ostida tushgan termamizni o‘yinlarini ming hayajon bilan tomosha qilaman,-deydi u. “Nihol” mukofoti sovrindorlari – Oybek (Alimov) va Nigora(Ismoilova) Bu bir-biriga juda yarashgan juftlikni yakka tanishtirish xuddi “Barselona”ni Messisiz “Real”ni Ronaldusiz tasavvur qilish bilan teng. Oybek “Barselona” klubi ishqibozi ekan. Lekin, Nigorani qaysi klubga ishqibozlik qilishi haqida ma’lumotlarga ega emasmiz. Aniqki, latofatli Nigora duetdoshining hurmatidan kataloniya klubini yoqtirishini aytgan bo‘lar edi.