ESET virus laboratoriyasi WhatsApp messenjerida internet-firibgarlikning yangi turini aniqladi, bunda foydalanuvchilarga videoqo‘ng‘iroqlar funksiyasini ishga tushirish taklif etiladi. Bu haqda “Bigmir.net” xabar bermoqda. Messenjer foydalanuvchilariga dasturda videoqo‘ng‘iroqlarni ishga tushirish taklifi bo‘lgan xabar kelishi mumkin. “Videoqo‘ng‘iroqlarni hozir ishga tushirish” tugmasi bosilganida foydalanuvchining faolligini tekshirib ko‘rish niqobi ostida saytni WhatsApp’dagi o‘n kishiga yoki beshta guruhga tavsiya qilish sharti qo‘yiladi. Nashr ta’kidlashicha, WhatsApp’da videoqo‘ng‘iroq funksiyasi 2015-yil oxirida e’lon qilingan, ammo dasturga kiritilganicha yo‘q. Shu tufayli spamerlar firibgarlik saytiga qurbonlarni jalb qilish uchun ushbu mavzudan foydalanmoqda. Videoqo‘ng‘iroqni amalga oshirishga uringanida, foydalanuvchiga uning ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari eskirganligi haqida xabar keladi. “Hoziroq yangilash” tugmasi bosilganida esa foydalanuvchi qimmat SMS-servislarga avtomatik ravishda obuna bo‘ladi: bunda har bitta kiruvchi SMS uchun hisobdan pul yechib olinadi.