Valio kompaniyasi o‘z mahsulotlari tarkibida antibiotiklar mavjudligini tan oldi
Finlyandiyaning sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Valio kompaniyasi mutaxassislari Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nazorati qo‘mitasi aboratoriyasiga tashrifi chog‘ida o‘z mahsulotlari tarkibida antibiotik moddalar mavjudligini aytgan.
Muassasa matbuot kotibi Yuliya Trofimovaning TASS agentligiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Valio vakillarining laboratoriyaga tashrif buyurishidagn maqsadi qo‘mitaning metodikasi bilan tanishish bo‘lgan. Suhbat chog‘ida ular “metodikalar ta’sirchanligidagi farqlar tufayli antibiotiklar qo‘llash holatlari mavjud”ligini aytishgan.
Valio’ning Rossiyadagi vakolatxonasining matbuot xizmati bu ma’lumotlarni sharhlashdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, 2014 yilning oktyabrida Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nazorati qo‘mitasi Valio’da ishlab chiqarilgan laktozasiz sut partiyasini ushlab qoldi. Tekshiruv natijasida mahsulot tarkibida tetrasiklin guruhiga kiruvchi antibiotiklar mavjudligi aniqlandi. Ammo konsern mutasaddilari bu ayblovlarni rad etdi. Dastlab Valio sutlarining Rossiyaga kiritilishi taqiqlangan bo‘lsa ham, keyinchalik maxsus ozuqa iste’molchilarining iltimoslariga ko‘ra ularni olib kirishga ruxsat berildi.