“Uyda yolg‘iz” kartinasi qahramoni Kevin kabi yashash imkoniyati yaratildi
Qish fasli hamda Yangi yil bayramining darakchisi hisoblangan “Uyda yolg‘iz” komedik filmlari suratga olinganiga 2018 yilda 25 yil to‘ladi.
Filmning ikkinchi qismi suratga olingan Nyu-Yorkdagi mehmonxona mazkur komediya muhiti ostida yashash imkoniyatini taqdim etmoqda. Ular kartina bosh qahramoni sharafiga “Kevin kabi yasha” xizmatini joriy etishdi.
Yodingizda bo‘lsa, “Uyda yolg‘iz-2” kartinasida bosh qahramon Kevin Makkallister samolyotni adashtirib, Nyu-Yorkka kelib qoladi. Bu yerda otasining kredit kartochkalari bilan qolib ketgan Kevin yirik mehmonxonalardan birida shohona tarzda ta’tilini o‘tkazadi.
Ta’kidlash kerakki, film suratga olingan mehmonxonaning xo‘jayini AQShning hozirgi prezidenti Donald Trampdir. Kartinada Donald Trampni ham ko‘rish mumkin.
“Plaza Hotel” taqdim etayotgan “Kevin kabi yasha” aksiyasi 895 dollar turadi. Bu pullar evaziga fotokabinada suratlar tushirish, xonada ulkan muzqaymoq iste’mol qilish, suvenirlar qabul qilish va komedik filmlarning 5 ta qismi jamlangan disklar to‘plamini olishi mumkin.
Bundan tashqari, 1990 yillarda bolalarning sevimli taomlaridan iborat maxsus menyu ham tuzilgan. Qo‘shimcha tarzda 86 qavatli Empire State Building osmono‘par binosining tomosha maydoniga kirish uchun ruxsatnoma olish, Kevinning yo‘nalishi bo‘yicha limuzinda 4 soatlik sayohatni, Wollman Rink muz maydoniga kirishni, xususiy fotosuratchini buyurtma berish mumkin.