Sloveniya futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimida ishlab kelgan Aleksander Cheferin Yevropa futbol ittifoqi (UEFA)ning yangi prezidenti etib saylandi. Bu haqda Tass.ru xabar bermoqda.
Bugun, 14 sentabr kuni Gresiya poytaxti Afinada navbatdan tashqari kongress bo‘lib o‘tdi. Unda UEFAning yangi prezidentini saylash marosimi o‘tkazildi. Ovoz berish jarayonida UEFAning 55 a’zosi ishtirok etib, 42 nafari Cheferin nomzodini qo‘llab-quvvatladi. UEFA prezidentligiga nomzod lik qilgan Gollandiya futbol ittifoqi prezidenti Mixael van Prag 13 ta ovoz to‘pladi.
Ma’lumot uchun, Aleksander Cheferin 1967 yilning 13 oktyabrida, Sloveniyaning Lyubyana shahrida tavallud topgan. Sloveniyalik mutasaddining UEFA prezidenti sifatidagi vakolati 2,5 yilga muo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, bunga qadar 2007 yildan buyon UEFA tashkilotini fransiyalik Mishel Platini boshqarib borgan. U FIFA sobiq prezidenti Zepp Blatter bilan korrupsiya ishlarida aybdor deb topilib, o‘z ishidan chetlatilgandi.