Tyanszindagi portlash qurbonlari soni 139 kishiga yetdi
Xitoyning Tyanszin shahridagi zaharli moddalar saqlanuvchi omborda yuz bergan portlash qurbonlari soni, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 139 kishiga yetdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Halok bo‘lgan barcha 139 kishining shaxsi aniqlangan, 34 kishi esa bedarak yo‘qolgan deb gumon qilinmoqda. Halok bo‘lganlarning 84 nafari o‘t o‘chiruvchi va sakkiz nafari politsiya xodimidir.
Tyanszindagi yirik favqulodda holat 12-avgust kuni yuz bergandi. Trotil ekvivalentida 3 tonnaga teng bo‘lgan dastlabki portlashdan so‘ng bir necha yangi portlashlar yuz berdi, ularning eng kuchlisi quvvati trotil ekvivalentida 21 tonnaga teng edi.