21 yosh. Yoshlikning ayni o‘qib-o‘rganadigan, biror kasb-hunarning boshini tutadigan pallasi. Biroq Farangiz yoshlikning bu imkoniyatlarini ozodlikni cheklash jazosiga almashdi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi yozmoqda.
Sud 1996 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan Farangiz Bozorovaga nisbatan ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Endi u kechki soatlarda ostona hatlamaydi, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaydi, viloyat hududidan tashqariga chiqolmaydi, muayyan joylar — kafe, barlarga yaqin yo‘lamaydi, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaydi, unga aloqa vositalari, jumladan, internetdan foydalanish taqiqlangan.
Farangizga nisbatan bunday jazo choralarining qo‘llanilishiga uning xorijga chiqish-kelish qoidalarini buzgan holda Turkiya davlatida bo‘lib qaytgani sabab bo‘ldi.
F.Bozorova 2015 yilda «Samarqand-Sankt-Peterburg» reysi bilan Rossiya Federatsiyasiga jo‘nab ketadi. 2016 yilning 22 iyul kuni u fuqarolik pasportida XChK va FRBdan dunyoning barcha mamlakatlariga chiqish huquqini beruvchi ruxsat yozuvi bo‘lmasdan qonunga xilof ravishda Sankt — Peterburg — Boku — Istanbul yo‘nalishi bilan Turkiyaga uchadi.
Istanbul shahrida F.Bozorovani Turkiya polisiyasi ushlab, Sankt-Peterburg shahriga qaytarib yuboradi. Bu yerdan esa yana Istanbul shahriga qaytariladi. 2017 yilning 14 mart kuni Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzib, mamlakatda yashaganligi sababli Farangiz Turkiya polisiyasi tomonidan qo‘lga olinadi.
F.Bozorova 2017 yilning 17 mart kuni Istanbul shahar aeroporti orqali «Istanbul-Toshkent» reysi bilan Toshkent shahriga uchib keladi. Toshkent aeroportining alohida chegara nazorati bazasi xodimlari tomonidan chegara nazoratidan o‘tkazilganda F.Bozorovaning fuqarolik pasportida chet elga chiqish huquqini beruvchi ruxsat yozuvi yo‘qligi, Turkiya davlatiga noqonuniy chiqib kelganligini tasdiqlovchi chegara muhrlari mavjudligi aniqlandi va qonunni buzganligi uchun javobgarlikka tortildi.
Farangizning sarguzashtlari shu bilan nihoyasiga yetdi. Mahallada o‘sib-ulg‘aygan, o‘zbekona tarbiya olgan navnihol qizni kim yoki qanday sabablar xorijga chorladi, nega u qonunga xilof ravishda Turkiyaga otlandi, Istanbuldan nima qidirdi? F.Bozorova izlagan narsasini topdimi yoki yo‘q, bu bizga qorong‘u lekin eson-omon o‘z yurtiga qaytgani — omadi.
Qiz bolaning ta’lim-tarbiyasida ota-ona mas’ul bo‘lsa-da, mahalla-ko‘y ham xonadonlarda ulg‘ayayotgan qizlarning yurish-turishidan ogoh turishi, ularni kasb-hunarga yo‘naltirishda ishtirokchi bo‘lishi kerak.
Xalq orasida «Yigitning rizqi ko‘chada», degan gap bor. Ammo turmushga chiqmagan qizning chet davlatlarda sarson-sargardon yurishi millatimizga xos emas.