Toshkentda 70 yoshli fuqaro avtobus bosib yuborishi oqibatida vafot etdi
Toshkent shahar Chilonzor tumanida 8-mart kuni MAN avtobusi haydovchisi piyodalarni urib yuborishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 11:30 da Chilonzor ko‘chasida haydovchi S.M. (1996-yilda tug‘ilgan) MAN avtobusini boshqarib ketayotib, tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida piyodalarni urib yuborgan. Oqibatda piyoda R.Z. (1952-yilda tug‘ilgan) olgan tan jarohatlari sababli shifoxonada vafot etgan.
Shuningdek, R.Y. ismli fuqaro (2017-yilda tug‘ilgan) “bosh sohasi lat yeyishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.