Sergelidagi ijara uyda ayol shar’iy nikohdagi eri bilan yarim tunda 5 yoshli qizini urib o‘ldiradi. So‘ngra Bo‘stonliqdagi dala hovliga olib borib, murdani yoqib yuboradi. Bunga ham qanoatlanmagan qotillar murda suyaklarini Chirchiq daryosiga oqizib yuboradi.
4-noyabr kuni fuqaro A.V. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, 5 yoshli qizi D.K.ni Bektemir tumanida joylashgan “Compass” savdo majmuasida yo‘qotib qo‘yganligi haqida ma’lum qilgan.
Toshkent shahar prokuraturasining ma’lum qilishicha, shundan so‘ng tezkor-tergov guruhi tuzilib, qizchani topish ishlari boshlab yuboriladi.
Qizchaning ota-onasi gumon ostida qoldi
Tezkor-tergov guruhi tomonidan A.V. va uning shar’iy nikohdagi eri M.F.ning ko‘rsatmalari shubha ostiga olinadi. Qidiruv tadbirlariga qaramasdan qizchaning bir kun mobaynida topilmaganligi sababli, u qotillik jinoyati qurboni bo‘lganligi taxmin qilinadi.
Shundan so‘ng, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Er-xotin 5 yoshli qizni qasddan urib o‘ldirdi
Olib borilgan harakatlar natijasida aniqlanishicha, 25-oktabr kuni kechasi soat 03:00 lar atrofida er-xotin Sergeli tumanida ijarada yashab kelgan xonadonida spirtli ichimlik iste’mol qilib, farzandini urib, do‘pposlab, qasddan o‘ldirgan.
Qizchaning yonib ketgan murdasi daryoga oqizib yuborilgan
Qotillar qilgan jinoyatlarini yashirish va jazodan qutulish maqsadida, murdani yo‘qotish payiga tushadi. Qizchaning murdasini yo‘l sumkasiga joylashtirib, shu kuni tongda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi ijaraga olingan dala hovliga olib borishadi. Ular murdani o‘choqda yoqib, so‘ng yonmay qolgan qoldiqlari qopga solib, Chirchiq daryosiga tashlab yuboradi.
Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish davomida D.K.ning murda suyaklari topilib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Gumonlanuvchilar ushlangan
Jinoyat ishi bo‘yicha A.V. va M.F.lar qasddan odam o‘ldirishda gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.