Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Toshkent viloyatining sobiq hokimi Islom Karimov bilan ishlash oson bo‘lmaganini aytdi



Xonaga kirishim bilan telefon jiringladi. Javob berdim: Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i direktori Ummat Mirzaqulov ekan. Kecha tunda saytimiz orqali Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomini abadiylashtirish to‘g‘risidagi qarorni entikib o‘qiganini, diydasi namlanganini aytdi.
 
– Islom akani xotirladim. Hayot bo‘lganlarida bir kam sakson yoshda bo‘lar ekanlar... Tuni bilan mijja qoqqanim yo‘q. U kishi bilan bog‘liq dilgir xotiralarimni qog‘ozga tushirdim. Hozir saralayotib, e’lon qilsam-chi, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Sizlarga bermoqchiman. G‘azalkentdan shaharga tushgunimcha kun yarimlaydi. Boraveraymi? – dedi.
 
Ochig‘i, muayyan vaqt Toshkent viloyatiga rahbarlik qilgan Ummat aka haqida ko‘p samimiy gaplar eshitganman. Ziyoli, toza odam, derdi maktab direktorimiz. Qolaversa, anchadan beri mustaqilligimiz me’mori haqida yozgilarim kelayotuvdi. Gapdan-gap, fikrdan-mulohaza tug‘iladi, tafakkur boyiydi. Zora, Mirzaqulovning buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov haqidagi hikoyalari, yozgan materiallari kechinmalarimni qog‘ozga ko‘chirish uchun bir turtki bo‘lsa, degan ilinjda – mayli, bemalol kelavering, dedim.
 
Ko‘rishdik.
 
Xalqaro jurnalistikada oltin qoida bor: muxbir tayyorlayotgan materiali qiziqarli chiqishi va hammaga yoqishini istasa, respondentining nozik tomonlarini albatta bilishi lozim. Ummat Mirzaqulov bilan gurungimiz samimiy va mazmunli bo‘lishi hamda uzoq davom etishini istaganim uchun mazkur qoidaga amal qildim. Gapni uzoqdan boshladim.
 
– Yanglishmasam, 1998-2004 yillarda viloyatga hokim bo‘lgansiz. Shu bois yetakchi, tashkilotchi, rahbarning zimmasidagi vazifasi, mas’uliyati sizga begona emas, deb o‘ylayman. Birinchi Prezidentimiz chinakam rahbar qanday bo‘lishi haqida ko‘p fikr aytganlar. Mana ulardan biri:
 
“...Rahbar o‘z mas’uliyati va javobgarligini avvalo o‘z vijdoni oldida, unga ishonib yurgan odamlar va el-yurt oldida chuqur anglashi kerak, ish ustida kuyishi va yonishi kerak. Kechayu kunduz el g‘ami va tashvishi bilan yashab, oldida turgan muammolar yechimini topmaguncha, boshlagan ishlarni oxiriga yetkazmaguncha o‘ziga ham, boshqalarga ham tinim bermasdan mehnat qilayotgan insonni men haqiqiy yetakchi-rahbar sifatida qabul qilaman. ...Menga doimo kuyib-yonib yashaydigan, fidoyi odam ma’qul...”.
 
“Oltin qoida” o‘zini oqladi. Ummat akaning yuziga nim tabassum yugurdi. Boshi bilan tasdiq ishorasini berib, shunday dedi:
 
– Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2004 yildagi navbatdan tashqari sessiyasida aytganlar bu gapni. Kunning o‘tishi qiyin, yilning o‘tishi oson, deyishgani rost. Qarang, shunga ham 13 yil bo‘libdi. Rosti, Islom aka bilan ishlash oson emas edi. Chunki u kishi nainki o‘zlariga, barcha rahbarlarga o‘ta talabchan edi. Islom akaning chinakam yetakchi-rahbar qanday bo‘lishi kerakligi haqida aytgan fikrlarining amaldagi ifodasini bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning faoliyati misolida yaqqol ko‘rish mumkin...
 
Xalqimizning ardoqli farzandi Islom Karimov mamlakatimiz uchun buyuk ishlar qildi. U kishining respublika rahbari bo‘liboq ko‘rsatgan mardlik va jasoratidan bebahra qolmadim. Ehtimol, eshitgan chiqarsiz, “paxta ishi” bilan qamalganman...
 
Ummat aka og‘ir yutindi. Bo‘g‘ziga allanima tiqilgandek. Oraga bir necha soniyalik sukut cho‘mdi. Tomoq qirib gapirishga chog‘landi. Chog‘landi-yu... qo‘lidagi xatjildni menga uzatdi. Ko‘zlarimga qaramadi.
 
Beixtiyor u kishi bergan qog‘ozga ko‘z tashladim:
 
“Sovxoz direktorligidan Yuqori Chirchiq tumaniga birinchi rahbar etib tayinlandim. 1986 yilda meni Moskvaga chaqirtirishdi. Ketishga taraddudlandim. He yo‘q, be yo‘q, mahkamaga olib ketishdi meni. Qo‘shib yozgan ekanman. Sakkiz yilga kesildim. Xotinim besh nafar farzandim bilan boquvchisiz qoldi. Qora qozonni qaynatish uchun bog‘chada farroshlik qilganini keyin bildim.
 
“Paxta ishi” deb atalgan kampaniya oqibatida ming-minglab insonlar nohaq jabr ko‘rgan. O‘zbekistonning yangi rahbari oldida turgan, mardlik va jasorat bilan, har tomonlama puxta o‘ylab hal etishni talab qiladigan muammolarning eng mushkuli shu edi. Bu davrda, ya’ni 1986-1989 yillarda Islom Karimov Qashqadaryoda rahbar bo‘lgan. Bunday shafqatsizlik qanday og‘ir oqibatlarga olib kelganini shu voha misolida ham ko‘rish mumkin. Buni raqamlar tilida bayon qiladigan bo‘lsam, shunday manzara paydo bo‘ladi: viloyat rahbarining 3 muovini, 8 nafar bo‘lim mudiri, shahar va tuman partiya qo‘mitalarining 26 nafar kotibi, viloyat ijroiya qo‘mitasining raisi, uning 4 nafar o‘rinbosari, mas’ul kotibi, 12 shahar va tuman ijroqo‘mining raisi, 27 yirik tashkilotning rahbari, 99 kolxoz va sovxozning rais va direktori ishdan olindi, ularning aksariyati jinoiy javobgarlikka tortildi. Sho‘ring qurg‘urlar o‘rnini O‘zbekiston haqida zig‘ircha ma’lumotga ega bo‘lmagan “desantchi-mutaxassislar” egallab oldi. Ular milliy qadriyatlarimizni toptab, xalqimizning boyliklarini talab, begunoh odamlarni ishdan bo‘shatib, qamab, o‘zlaricha “tozalash” ishlarini olib bordi.
 
Bu raqamlarni men havodan olayotganim yo‘q. Aniq fakt bu. Hech kim inkor etolmaydi... “Qora bulut” asta-sekin tarqala boshladi. 1989 yildan “mutaxassis” importiga chek qo‘yildi. Mas’ul lavozimlarni egallab turgan 400 dan ortiq “desantchi” xurjunini yelkalab, kelgan joyiga ravona bo‘ldi.
 
Islom Karimov bosh prokuror oldiga respublikamiz manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, “paxta ishi” bilan nohaq qamalgan fuqarolarning haq-huquqini tiklash masalasini qo‘ydi. Maxsus komissiya tuzildi. Yuzlab ishlar qayta o‘rganildi, tergov hujjatlari O‘zbekistonga qaytarildi. Qatag‘on tegirmoni to‘xtatildi va hech qanday aybsiz hibsga olingan minglab vatandoshlarimiz ozodlikka chiqdi. Manglayiga quyosh tekkanlar orasida men ham bor edim.
 
1998 yil. Viloyat hokimi Erkin Ro‘ziyevga muovin edim. U Samarqand viloyatiga hokim bo‘lib ketdi. Shu orada Islom aka huzurlariga chaqirtirdilar. Ancha suhbatlashdik. Keyin “Toshkent viloyati hokimi lavozimiga seni tayinlamoqchimiz. Shunga nima deysan?”, dedilar. Ochig‘i, esankirab qoldim. Chunki bir paytlar “paxta ishi” bilan qamalib chiqqan odamga Prezident yuksak ishonch bildirishi, yana deng, viloyatga rahbar etib tayinlashi... Qamoqdan chiqqanimda qalbimdan kechkan tuyg‘ular, xayolimdan o‘tkan fikrlar qayta jonlandi. Aytmoqchi bo‘ldim, jur’atim yetmadi...
 
2002 yilda Oliy Majlisning navbatdagi sessiyasi bo‘ldi. Unda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ishtirok etdi. Tanaffus payti u kishiga yuzlanib: “Muhtaram Islom Abdug‘aniyevich, ko‘pdan beri Sizga bir gapni aytmoqchi bo‘lib yuruvdim. Ijozat bersangiz. Bilasiz, “paxta ishi” bilan qamalganman. Minglab vatandoshlarimiz qatori mening ham ozodlikka chiqishimda jasorat ko‘rsatgansiz. El-yurt oldida sha’nimni, obro‘-e’tiborimni tiklagansiz. O‘shanda yana rahbar lavozimlarida ishlash xayolimning bir burchagiga ham kelmagan. Yuksak ishonch bildirib, yuqori lavozimlarga tayinladingiz. Rosti, Siz menga otam qilmagan, hech qachon qilolmaydigan yaxshiliklar qildingiz. Minnatdorman, qarzdorman Sizdan buning uchun...”
 
O‘shanda bu gaplarni aytishga qayerdan jur’at topganman, bilmayman. Hozir ham o‘ylasam, aqlim bovar qilmaydi. Lekin so‘zlarimni eshitayotgan Islom akaning holati sira ko‘z oldimdan ketmaydi: gapirayapman. Islom aka qo‘llarini qovushtirgancha menga qarab turibdilar. Ko‘zlariga boqsam, salobatlari bosib, so‘zimni yakunlolmasligimni sezaman va atrofga qarayman. Yana Islom akaga ko‘z tashlayman. Ammo bu safar nigohlari menga emas, yerga qadalgan...
 
Buning ma’nosi nima, qaysi so‘z bilan ifodalash mumkin bu holatni? Qani, shugina savolga javob topa olsam?!
 
Oradan bir necha oy o‘tdi. Xonada muovinlarimni yig‘ib zarur topshiriqlar berayotsam, tuyqus telefon jiringladi. Olsam, Islom aka! Qo‘lim bilan ishora qilib, muovinlarimga xonadan chiqib turishlarini aytdim.
 
Hol-ahvol so‘ragach, bergan topshiriqlarining natijasini so‘radilar. Javob berdim. G‘alla planini bajarganimiz uchun tabrikladilar. Birdan: “Ummat, “paxta ishi” bilan qamalganlar nima ayb qilgan, bilasanmi? – deb so‘radilar. Hadeganda javob beravermaganim uchun – Vatanini sevgan, – dedilar. Vatanini sevgan, uning porloq kelajagi uchun borini bag‘ishlagan, bor imkoniyatini shu xalqimizni rozi qilishga safarbar etgan, halol, vijdoni uyg‘oq, iymoni butun, e’tiqodi mustahkam insonlarga nisbatan qilingan adolatsizlikni tikladik, xolos. Ha, yana sessiya tanaffusida qolgan umrimni Sizning xizmatingizga bag‘ishlasam ham qarzimni uzmagan bo‘laman, deding. Chindan shuni istasang, xalqimizga, Vatanimizga bag‘ishla umringni. Xalqni rozi qilishni o‘yla... Ular sendan rozi bo‘lsa, menga xizmat qildim, deb hisoblayver”...
 
Bu qadar ko‘p gurung qilmagan edik Islom aka bilan...
 
...2016 yil 22 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Prezidentimizning ma’ruzasi Islom aka bilan telefon orqali bo‘lgan suhbatni, aytgan gaplarini eslatdi. Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovning ishlarini yangi bosqichga olib chiqdi, izchil davom ettirmoqda, chindan ham siyosiy merosxo‘ri ekanini amalda isbotlamoqda.
 
Birinchi Prezidentimizdan ozod va obod Vatan qoldi. Bu aziz Vatan bundan-da taraqqiy etishi, uning ravnaqi yo‘lida butun xalqimiz yanada jipslashishi shubhasiz”.
 
O‘qib bo‘lgach, Ummat Mirzaqulovga boqdim. Endi qarshimda Toshkent viloyatining sobiq hokimi, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ining direktori emas, Bobo quyosh taftidan dili munavvar bo‘lgan baxtiyor insonlardan biri o‘tirardi...
 


Manba:daryo.uz
Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 8495 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Islom Karimov Xotirasi
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 13:33
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное