Toshkent metropoliteni yangi vagonlar haqida ma’lumot bermadi
O‘tgan hafta bir qator ommaviy axborot vositalarida Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘lida yangi vagon sostavi foydalanishga topshirilgani hamda ushbu yo‘nalishda o‘z faoliyatini boshlagani haqida axborot berildi. Ushbu ma’lumotni tekshirish maqsadida Kun.uz tahririyati Toshkent metropoliteni davlat unitar korxonasining ma’lumotnomalarda ko‘rsatilgan telefonlariga murojaat qildi.
Ammo telefonlar orqali ushbu savolga javob berish vakolatiga ega xodimni topishning imkoni bo‘lmadi, bu borada ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar ham javob berishni istamadi. Nihoyat, tahririyatga rasmiy xat yo‘llash taklif qilindi. Yuqoridagi savol aks etgan rasmiy xat tegishli manzilga yuborildi.
Oradan uch kun o‘tib, yangilik dolzarbligini yo‘qotib bo‘lganidan so‘ng, Toshkent metropoliteni elektron pochta orqali rasmiy xatga javob yo‘lladi. Lekin ushbu maktubda kerakli savolga javob berish o‘rniga quyidagilar yozilgan edi:
“Toshkent metropolitenining 6 ta vagonida kapital-tiklash ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, xozirgi kunda ularda sozlash ishlari olib borilmoqda va yaqin davr ichida muntazam ravishda foydalanishga kiritiladi”.
Bunday hollar boshqa ayrim davlat tashkilotlari va korxonalariga murojaat qilinganda ham kuzatildi. Muloqot chog‘ida ayrim xodimlar va ishchilarda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qilishdan cho‘chish, savollarga javob berish mas’uliyatdan qochish, eng oddiy axborotni taqdim etishdan bosh tortish kayfiyati borligiga amin bo‘ldik. Kun.uz tahririyat ushbu masalani o‘rganib chiqib, matbuot xizmatlarining qo‘lidagi resurslardan unumliroq foydalanish va ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda ochiq va tezkor axborot taqdim etishni yo‘lga qo‘yishga chaqiradi.