Toshkent Davlat Milliy raqs va Xoreografiya oliy maktabi talabalari konsert berdi
Toshkentdagi “Turkiston” saroyida Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi talaba-yoshlarining Sog‘lom bola yiliga bag‘ishlangan hisobot konserti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda san’at ixlosmandlari, milliy madaniyat markazlari vakillari ishtirok etdi.
Hisobot konsertda balet spektakllaridan parchalar, milliy va jahon xalqlari raqslari ijro etildi.
Ta’kidlash joiz, raqs san’ati bilim maskanini bitirgan mutaxassislar O‘zbekistondagi ijodiy birlashmalar, konsert tashkilotlari, teatr jamoalari, professional ansambllar, bolalar musiqa va san’at maktablarida mehnat qilmoqda.
Oliy maktab bilan xorijiy mamlakatlar o‘rtasidagi ma’rifiy-ijodiy aloqalar tobora kengayib, bugungi kunda AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlarning xoreografiya markazlari bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida bilim olayotgan yoshlar mamlakat va bir qator xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro tanlovlar, festivallarda muvaffaqiyat qozonmoqda.