Tohir Sodiqovning konsertiga qalbaki chiptalar sotilyapti
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqovning har yilning 7-8 mart kunlari “Istiqlol” san’at saroyida konsert dasturini taqdim etishi an’ana tusiga kirgan edi. Joriy yilda esa bu kunlar O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonovaga nasib etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa Tohir Sodiqovning e’lon qilinmagan konsert dasturiga soxta chiptalar sotilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. “Qalampir.uz” muxbiri Tohir Sodiqov bilan bog‘lanish uchun unga qo‘ng‘iroq qilganda, go‘shakni xonandaning ma’muri ko‘tardi va Sodiqov ayni damda sayohat uchun BAAning Dubay shahriga jo‘nab ketganini ma’lum qildi.
Ma’murning aytishicha, gostrol safarlar ko‘p bo‘lgani va konsertga tayyorgarlik ishlari uchun yetarlicha vaqt topilmagani uchun Tohir Sodiqov bu yil konsert berish fikridan qaytgan. “Muxlislar qalbaki chiptalarga ishonib qolishmasin. Agar konsert besak, buni rasmiy ravishda e’lon qilamiz”, – deydi xonandaning ma’muri.
Ma’lumotlarga qaraganda, Tohir Sodiqov shu kunlarda yangi musiqiy albomi ustida ish boshlagan. 10 dan ortiq yangi qo‘shiqlardan iborat mazkur musiqiy albom yoz oylarida muxlislar e’tiboriga havola etiladi.