Xitoyning Pekin shahrida bog‘cha tarbiyachisi o‘z tarbiyasi ostidagi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgani bilan bog‘liq mojaro kelib chiqdi. Tarbiyachi o‘z aybini tan olgan va haqiqatdan ham bolalarga tikuv ignalarini sanchganini tasdiqlagan. Tarbiyachi ushbu harakatni bolalar o‘z vaqtida uxlash uchun yotmagan vaqtda amalga oshirganini ma’lum qilgan.
Ushbu voqealarga 22 noyabr kuni bolalarning ota-onalari tomonidan polisiyaga murojaat qilingach chek qo‘yilgan. Maktabgacha ta’lim muassasasi tomonidan bolalarga tarkibida bola sog‘ligiga zarar yetkazadigan suyuqlik berilgani ham ma’lum qilingan.
Bolalarning tanasida nina izlari aniqlangan va internet tarmog‘ida ham bu holat aks etgan videolavhalar tarqalgan.
Murojaatdan so‘ng ichki ishlar idoralari xodimlari ma’lumotlarni aniqlashtirishga kirishgan. Xitoy ta’lim vazirligi bu holat ustidan nazorat olib bormoqda.
Kecha, 28 noyabr kuni Xitoy polisiyasi tekshiruv natijalarini e’lon qildi. Unda ko‘pchilik ayblovlar to‘qib chiqarilgani qayd etilgan.
Biroq 22 yoshli Lyu ismli bog‘cha tarbiyachisi bolalarni uxlatish uchun tarbiyalash maqsadida ignalardan foydalanganini tan olgani ma’lum qilingan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytildi.
Polisiya ommaviy suyuqlik ichirish yuzasidan ma’lumotni tekshirgan va bu ayblov asossiz ekani tasdiqlangan. Ushbu mish-mishlar ikki nafar ayol tomonidan tarqatilgani, ularga nisbatan ma’muriy ish ochilgani ma’lum qilingan.