Taniqli xonanda konsert vaqtida muxlisiga qo‘l ko‘tardi (video)
Kantri yo‘nalishida ijod qiluvchi xonanda va bastakor Lyuk Brayan Neshvill shahrida o‘tgan konsert davomida tomoshabinlardan biriga qo‘l ko‘tardi. Bu haqda “Billboard.com”xabar bermoqda.
Bu voqea Charli Denielsning gala-konserti vaqtida sodir bo‘ldi. Konsertda boshqa xonandalar qatori Lyuk Brayan ham ishtirok etdi. Quyida keltirilgan videoda ko‘rinib turganidek, Lyuk Brayan “Move” qo‘shig‘ini kuylayotgan vaqtida sahnadan biroz pastga tushgan va muxlislardan birini urgan. Shundan so‘ng sahnaga qaytib, qo‘shiq kuylashni davom ettirgan. Qo‘shiqchining rasmiy vakili bergan xabarga ko‘ra, xonandaning bu harakatiga muxlisning odobsizligi sabab bo‘lgan. U Lyuk Brayanning chiqishi davomida unga qarata “qo‘pol ishora” harakatlarini ko‘rsatib o‘tirgan.
Xonandaning o‘zi bu haqda so‘zlar ekan, “Muxlis harakati orqali nafaqat meni, balki atrofdagi bolalar va ayollarni ham haqorat qildi. Axir mehmonlar konsertga Charli Denielsni qo‘llab-quvvatlash uchun kelishgan. Tadbir urush qatnashchilariga mablag‘ to‘plash maqsadida tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim”, deya vaziyatga izoh berdi.
“Forbes”jurnali Lyuk Brayanni kantri yo‘nalishdagi musiqachilar orasida eng ko‘p daromad oluvchi yulduzlar reytingining uchinchi qatorida qayd etgan. Musiqachi 2016 yilda deyarli 53 million dollar daromad olgan.