Sinfdoshlari tomonidan zo'rlangan qiz: vidolashuv maktubi
Avstraliya ommaviy axborot vositalari sinfdoshlari tomonidan zo'rlangan va o'z joniga qasd qilgan qizchaning maktubini e`lon qildi. Maktab o'quvchisi xatda o'z boshidan o'tkazgan dahshatlar haqida so'z yuritib, tengdoshlariga ba`zi tavsiyalar bergan. Bu haqda The Independent xabar qilmoqda.
2015 yilning dekabrida 15 yoshli avstraliyalik Kassidi Trevan sinfdoshlari tomonidan zo'rlanganidan so'ng o'z joniga qasd qildi – qizcha bunday ruhiy jarohatni ko'tara olmay, o'zini o'zi o'ldirgan.
Kuni kecha esa marhum Kassidining onasi ruxsati bilan OAVda uning vidolashuv xati e`lon qilindi, unda qiz jinsiy zo'ravonlik oqibatlari haqida hikoya qilib, Melburndagi maktablardan birida (o'quv muassasasi nomi keltirilmagan) tahsil oluvchi tengdoshlarini ehtimoliy tahdidlardan ogohlantirgan.
Kassidining so'zlariga ko'ra, zo'ravonlar jazolanmagan hamda maktabda o'qishda davom etishgan. Qizcha xatda, shuningdek, o'quv muassasasi xodimlari tomonidan hech qanday yordam ko'rsatilmaganini ham ta`kidlab o'tdi. Maktab o'quvchisini zo'rlashgandan so'ng ro'y bergan hodisadan xabardor bo'lgan tengdoshlari uni haqorat qilishib, kamsitishgan. Shuning uchun u ko'p bora maktabni o'zgartirib, bir joydan ikkinchi joyga ko'chib yurgan.
- Men “Feysbuk”da notanish yigitlardan xatlar olmoqdaman, ular meni “fohisha” deb atashmoqda. Men maktab va uy-joylarni almashtirdim, biroq ular meni ijtimoiy tarmoqlarda baribir topib olishib, haqorat qilishmoqda, - deyiladi Kassidining xatida.
U, shuningdek, 7-12 sinf o'quvchilarini maktabdagi xavf haqida ham ogohlantirdi.
- Agarda bu hodisa men bilan ro'y bergan bo'lsa, boshqalar bilan ham sodir bo'lishi mumkin. Esingizda tuting! Men bilan shunday ishni qilgan shaxslar maktab o'quvchilari edi. Bilaman, bunga ishonish qiyin, ammo bu haqiqat, - deb yozgan Kassidi.
Qizcha o'z vidolashuv xati oxirida jinsiy zo'ravonlikka duch kelganlarni hech qachon bo'shashmaslikka va barcha qiyinchiliklar bilan kurashishga chaqirdi.
Shuni ta`kidlab o'tish joizki, Kassidi Trevanni bir guruh shaxslar tomonidan zo'rlanishi bilan bog'liq jinoiy ish qo'zg'atilmadi, sababi qizcha huquqni muhofaza qilish organlariga rasmiy ariza bilan chiqmagan.
Jamiyatdagi e`tiborsizlik, ruhiy tushkunlik mana shunday ayanchli oqibatlarga olib keladi. Zo'ravonlik, fahsh, o'z joniga qasd qilish va shu kabi illatlar bora-bora butun bir davlatni yemiradi.
Yuqoridagi voqea qalblarni dahshatga solishi tabiiy. Shu jihatdan ota-onalar bolalarga ko'proq e`tibor berishi kerak. Farzandlarning kiyinishi, yurishi, gap-so'zlariga kuchliroq diqqat qaratish lozim. Ehtimol, shunda yuqoridagi kabi fojialar yuz bermaydi...