Shvartsenegger o'z haykali ostida boshpanasizlardek yotib oldi
Taniqli aktyor va Kaliforniya shtatining sobiq gubernatori Arnold Shvartsenegger muxlislarini o'z hazillari bilan quvontirishda davom ettirmoqda.
Bugun u Facebook`dagi sahifasiga uzoq yillar muqaddam o'z sharafiga qurilgan haykali ostida uyqu qopchig'ida yotgani tasvirlangan suratini joylashtirdi. Fotosurat ostiga esa: “Zamonning o'zgarganini qarang”, deya izoh yozib qo'ydi.
NTV.Ru xabarida keltirilishicha, mazkur haykal Ogayo shtatidagi Greater Columbus Convention ko'rgazma markazida joylashgan. Aktyorning ko'plab muxlislari uning hazilini ijobiy baholagan bo'lsa, ayrimlar buni qo'llab-quvvatlamagan.
O'tgan yilning yozida Arnold Shvartsenegger Tyusso xonim muzeyida mum haykal qiyofasiga kirgan edi. So'ngra u erga tashrif buyurganlar bilan suhbatlashgan.