Xabaringiz bor, 22 noyabr kuni taniqli aktyor, spektakllar va filmlardagi bir qator rollari bilan tomoshabinlar qalbidan joy olishga ulgurgan san’atkor, taqlid ustasi Shuhrat Nuraliev 37 yoshida vafot etdi.
Xushchaqchaq, odamlar yuziga tabassum ulashishni yaxshi ko‘radigan, oddiy qilib aytganda, bir gapirib o‘n kuladigan Shuhrat Nuralievning to‘satdan vafot etishi nafaqat muxlislarni, balki uni yaqindan tanigan-bilgan, bir sahnada ijod qilgan kasbdoshlarini ham esankiratib qo‘ydi.
Shuhrat Nuraliev og‘ir xastalik — qandli diabet sabab olamdan o‘tdi. Nuraliev o‘zining betobligini bilardi. Vafoti bu qadar yaqinligini-chi..?
Shuhrat Nuraliev haqida shov-shuvli xabarlar taqalgan zahot u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan, taniganlar, suhbatdosh bo‘lganlar ijtimoiy tarmoqlarga aktyorning suratini joylashtirib, unga sog‘lik tiladilar. Kimdir aktyorni bundan bir oy avval ko‘rganini yozsa, boshqasi telefonda gaplashganini xotirlaydi.
Biz esa Shuhrat Nuralievning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga suratlarini olish uchun nazar tashladik va sahifa boshida aktyor yozib qoldirgan gaplar e’tiborimizni tortdi. U shunday yozadi:
“...Meni tashlab ketmaydilar, aksincha, men ulardan voz kechaman!”
U aytganining “ustidan chiqdi”. Shuhrat Nuraliev umrining so‘nggi kunlarida nimalarni his qilgani, qanday keshmishlarni boshidan kechirgani, dard bilan qanday kurashgani bizga qorong‘u. Uning shaxsi haqida so‘z ketganda sahnadagi Shuhratga baho beramiz, xalos. Sahna ortidagi dardlar, yo‘qotishlar, qayg‘ular esa ko‘pincha nazardan chetda qoladi.
Ayni damda ijtimoiy tarmoqlarda Shuhrat Nuralievning yaqinlari bilan Telegram messenjeri orqali “suhbati” tarqalmoqda. Unda Nuraliev teatrdan haydalgani, kinofilmlarda suratga tushishiga ham taqiq qo‘yilganini yozadi.
Filmlar borasida taqiqdan xabarimiz yo‘q, ammo 2011 yilda Shuhrat Nuraliev 8 yil davomida faoliyat yuritgan O‘zbek milliy akademik drama teatridan haydalgani haqiqat. Shundan so‘ng u rejissyorlikka qo‘l urdi. “Turmush — musht”, “Akajon, xizmatingizdamiz” filmlarini suratga oldi.
Nuraliev vafot etdi, aslida vafot etmay turib “o‘ldi” deb “suyunchi” oldilar. Uni mish-mishlar oxirgi daqiqalargacha tinch qo‘ymadi. Endi yetar! Ijtimoiy tarmoqlarda uning hayoti davomida bosib o‘tgan yo‘li, qiyinchiliklari, taqiqlaru haydalishlarini muhokama qilishdan naf yo‘q. Vaqtimizni u haqidagi yaxshi gaplarni tarqatishga sarflaylik.
Eslatib o‘tamiz, Shuhrat Nuraliev kecha, 23 noyabr kuni Toshkentdagi “Vaqqos ota” qabristoniga dafn etildi.