Shohruxxon endi nahorgi oshlarga chiqishni boshlaydi(mi?)
Bundan bir necha kun avval O‘zbek estradasi taniqli vakili, xonanda Shohruxxon hazrat Alisher Navoiy g‘azallariga bastalangan qo‘shiqni kuylagani haqida xabar bergandik.
Mutaffakir tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlab tayyorlangan maxsus qo‘shiq xonandaning ijodiy faoliyatidagi yangi burilish, deyish mumkin. Har holda qo‘shiqchi shu paytgacha mumtoz adabiyot namunalariga, ayniqsa, Navoiydek ulug‘ siymo she’riyatiga murojaat qilmagandi.
“Ey sabo” nomli qo‘shiqda shoirning 3 ta g‘azali birlashtirilgan: “Ayt” radifli g‘azali bilan boshlangan qo‘shiqning naqoratiga “Deyin” radifli g‘azalidan satrlar olingan. Davomida “Bo‘lay” radifli g‘azali satrlari kuyga solingan.
Ushbu qo‘shiq Navoiyga bag‘ishlab tayyorlangan maxsus musiqiy dasturda kuylandi.
Xonandaning ushbu chiqishi ko‘p ming sonli tinglovchilar talabiga ko‘ra, YouTube`ga joylandi.