14 noyabr – Xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuniga bag‘ishlanadi
Bugun jahon miqyosida erta o‘lim holatiga sabab bo‘layotgan xastaliklar o‘ntaligiga qandli diabet ham kiritilgan. Zero ushbu kasallik yillar davomida biror alomatlarsiz ham organizmni ishg‘ol qilishi mumkin. Xo‘sh, biz qandli diabet haqida nimalarni bilamiz? Sizni qiziqtirgan savollarga tibbiyot fanlari nomzodi, Dilfuza ORTIQOVA javob beradi.
“Ko‘p shirinlik yesang, diabetga chalinasan?!”
— Ko‘p shirinlik iste’mol qilish qandli diabetga moyillikni keltirib chiqaradi, deyishadi. Bu fikr qanchalik to‘g‘ri?
Gulandon Sobirova, Xiva shahri
— Muntazam shirinlik iste’mol qilish qandli diabetga sabab bo‘lmaydi. Diabet aslida endokrin xastalik bo‘lib, organizmda moddalar almashinuvining buzilishi sabab kelib chiqadi. U qonda glyukoza miqdorining ko‘payib ketishi bilan ifodalanadi. Kasallikda me’da osti bezi insulin moddasini ishlab chiqarishga qiynaladi. Insulin taqsilligi yuzaga kelgach , jigar va mushaklar organizmga kirgan qandni glikogenga aylantira olmaydi va to‘qimalar qandni oksidlash hamda uning quvvatidan foydalanish qobiliyatini yo‘qotadi.
“Gripp ham sabab bo‘ladimi?”
— Kuz-qish mavsumida tez-tez shamollab turaman. Tibbiy adabiyotlarda gripp asoratlari diabetga moyillikni yuzaga keltirishi to‘g‘risida o‘qigandim. Shunga aniqlik kiritsangiz.
Xolida Usmonova, Oltiariq tumani
— Xastalik sabablari qatorida turli omillarni ko‘rishimiz mumkin. Noto‘g‘ri va tartibsiz ovqatlanish, uglevodga to‘yingan mahsulotlarni pala-partish iste’mol qilish va natijada vaznining me’yoridan ortishi shular jumlasidan. Shuningdek, endokrin tizimi xastaliklari, oshqozon osti bezining yallig‘lanishi (pankreatit), infeksion kasalliklar: epidemik gepatit, qizilcha va gripp virusi asorati ham organizmni shikastlab, diabetga yo‘l ochishi mumkin.
“Irsiyatga bog‘liqmi?!”
— Onamda I tur diabet bor. Ushbu xastalik keyinchalik menda yoki farzandlarimda ham kuzatilishi mumkinmi?
Sarvar Komilov, Buxoro shahri
— Ma’lumotlarga ko‘ra, diabetbilmadimning I turiga nasliy moyillik ehtimoli ota tomonidan 10 foiz, ona tomonidan esa 3-7 foizni tashkil etadi. Agar ota va onaning ikkisi ham diabetga chalingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich bir muncha ortadi. Diabetning II turi nasliy moyillik darajasiga ko‘ra 60-70 foizni tashkil etadi. Aksariyat hollarda xastalikning mazkur turi nasliy moyillik va tashqi omillar ta’sirida inson hayotining istalgan yoshida xavf solishi mumkin.
“Tez-tez qichinish — diabet belgisi?!”
— Oxirgi paytlarda qo‘l-oyoqlarimda qichishish kuzatilyapti. Tunlari chanqab uyg‘onib ketaman. “Qand kasaliga yo‘liqmadimmi?” deya xavotirlanayapman.
Farrux Nig‘matov, Chirchiq viloyati
— Qandli diabetga moyilligingiz bor yoki yo‘qligi yoxud uning belgilarini aniqlash uchun umumiy ahvolingiz va kun davomidagi holatingizga diqqat qiling. Agar sizda tez-tez chanqash, muntazam og‘iz qurishi, ko‘p peshob ajratish, holsizlik va darmonsizlik, terining zararlangan sohasi sekin bitishi, teri quruqlashib qolishi, qichinish, tez ochiqish (ochqaganda oyoq-qo‘llarning qaltirashi) kuzatilsa, albatta shifokorga murojaat qiling.
“Ko‘z nuri yo‘qoladimi?”
— Otamda qandli diabetning II turi
bor. So‘nggi vaqtlarda uzoqni ham, yaqinni ham yaxshi ko‘rolmayotganini aytayapti. Xastalik haqiqatan ham ko‘zga ta’sir etadimi?
Gulchehra Omonova, Samarqand shahri
— Ha, shunday. Diabetda o‘zidan ham asoratlar og‘irroqdir. Xastalik rivojlanayotgan davrda buyrak yetishmovchiligi, immunitet zaiflashuvi, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, yurak ishemik kasalliklari avj olishi, tishlar mo‘rtlashishi yuzaga kelishi mumkin. Kasallik zo‘rayib borsa, organizm himoya qobiliyatini to‘liq yo‘qotib, og‘ir behushlik (koma) holati kuzatilish ehtimoli ham yo‘q emas. Diabet rivojlanishi jadallashganida esa teridagi kichik jarohatlar ham gazak olib, butun tanaga tarqab ketishi mumkin. Shu bois, diabetga chalingan bemorlar muntazam shifokor nazoratida bo‘lishi, buyurilgan muolajalarni kanda qilmasligi lozim. Agar kasallik ta’siri ko‘zga berayotgan bo‘lsa, shifokor bilan birga davolash usullarini ko‘rib chiqish kerak.
“Bemorlarga qanday imtiyozlar bor?”
— Turmush o‘rtog‘imda qandli diabet aniqlandi. Hozir davolanayapti. Shifokor muolaja davomiy, hatto bir umrlik ham bo‘lishi mumkin, dedi. Shunday bo‘lgan taqdirda, dori-darmonlarni imtiyozli tarzda olsa bo‘ladimi?
Sharifa Ikromova, Toshkent viloyati
— Diabetga chalingan bemorlar shahar va tumanlardagi endokrinologiya dispanserlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra, I tur qandli diabet bilan xastalanganlarga (bolalar va o‘smirlar) insulin preparati bepul beriladi. Ulardan ortgan insulin II tur qandli diabetda insulin bilan davolanayotganlarga tarqatiladi. Shuningdek, bemorlarga qand miqdorini tushiruvchi boshqa preparatlar ham beriladi.
Birinchi yordam
Arterial qon bosimi keskin ko‘tarilib ketsa...
Kutilmaganda arterial qon bosimining ko‘tarilishi nafaqat organizmga zo‘riqish beradi, balki yurak faoliyatiga ham nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qon bosimining ortishi quyidagi belgilar bilan kuzatiladi:
bosh sohasida keskin yoki simillagan og‘riq;
ko‘ngil behuzur bo‘lishi, ba’zan qayt qilish;
bosh aylanishi, tana muvozanatini ushlab turolmaslik;
quloqlarda shovqin;
Yurak sohasida og‘riq qo‘zg‘alishi;
peshob ajralishining sekinlashuvi kabilar.
Nima qilasiz?
Birinchi galda arterial qon bosimini o‘lchang. Tanometr ko‘rsatkichi odatdagidan farq qilsa, zarur choralarni boshlashdan avval bemor tinchlanib olishi lozim.
Tik turgan holatda bemor ahvoli o‘nglanmaydi. Yaxshisi, bosh qismiga balandroq yostiq qo‘yib, yotqizing.
Xona derazalarini ochib, havo aylanishini ta’minlang.
Arterial bosimni tushirish uchun simptomatik muolaja usullarini qo‘llash mumkin. Masalan, oyoqni issiq vanna qilish, boldir sohasiga tibbiy xantal yopishtirish kabilar.
Qon bosimini me’yorlashtirish uchun mo‘ljallangan preparatlarni qabul qilish, yurak sohasida og‘riq paydo bo‘lsa, nitrogliserin tabletkasini til tagiga tashlash mumkin.
Suyuq damlangan ko‘k choy ham qon bosimi pastlashiga yordam beradi.
Nima mumkin emas?
Bemorning zinadan yuqoriga ko‘tarilib-tushishi.
Asabiylashishi.
Og‘riq qoldiruvchi preparatlar qabul qilishi.
Mashina boshqarish.
Bordi-yu ko‘chada ketayotganingizda qon bosimi ko‘tarilganday tuyulsa, to‘htab, biror yerga o‘tiring. Tinchlaning-da, chuqur nafas oling. Shundan keyin qon bosimini pastlovchi dori vositasi qabul qilishingiz kerak. Bezovtaliklar tarqamagunicha o‘rningizdan qo‘zg‘almaganingiz ma’qul. Bu ahvolda jamoat transportlarida harakatlanish ham tavsiya etilmaydi.