Shahzoda hamkasblari orasida eng faol va serqirra ijodkorga aylandi. U boshlovchi, dizayner, aktrisa... qo‘shiq ham kuylamoqda. Yaponiyaning “Hello Kitty” brendi ashaddiy muxlisasi bo‘lmish Muhamedova yosh bo‘lishiga qaramay, mashhurlik bobida ancha aktrisalarni ortda qoldirmoqda. Eng qizig‘i, u kinoda ko‘plab rejissyorlar e’tiboridan tushmay kelayotir. Shundanmi, Shahzoda filmografiyasida kartinalar son jihatdan juda barakali. Aktrisa talabgorligining asosiy sababi, uning injiq emasligi yo-da, gonorarining cho‘chitib qo‘ymasligi! Ma’lumlotlarga qaraganda, u bosh rol talqin etgan uchta yangi film o‘z premerasini kutmoqda: “Kechir sevgi”, “Kunlardan bir kun...”, “Qaytar dunyo”! Demak, kinomuxlislar uchun kinomavsum zerikarli o‘tmaydi. Bu hali hammasi emas. Muhamedova shuncha ijodiy ishlaridan ortib, yana bir yangi filmda suratga tushmoqda. U Bahrom Yoqubovning “Ko‘chaning bolasi” filmida bosh rol ijrochilaridan!
Ijtimoiy tarmoqlarda deyarli har hafta yangi eskizini taqdim etishini inobatga olsak, Shahzodaning bir necha shaxsiy liboslar to‘pamlarini katta podiumda keng ommaga taqdim etish orzusi ham amalga oshay deb qoldi.
Xonandalik faoliyatini ham unutib qo‘ygani yo‘q. Dubayda suratga olingan “Sevgi yo‘q” klipi yaqin orada el hukmiga havola etiladi. Shahzodani katta sahnalarda qo‘shiqchi sifatida hali ko‘rganimizcha yo‘q. Bu ketishda esa, u shou-biznes vakilalari uchun yaxshigina raqobatchiga ham aylanadi-yov!
Omad! Muhimi, ijodkorlik bor bo‘lsin!