Sharqiy Qozog‘istonda ayiq keksa kishini g‘ajib ketdi
Sharqiy Qozog‘iston viloyatidagi Medvedka qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 65 yoshli fuqaroni ayiq g‘ajib ketdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak 19-avgust kuni qishloqdan 10—15 kilometr masofada joylashgan o‘rmondan mevalar terib kelish maqsadida uydan chiqib ketib, qaytib kelmagan. Qidiruv ishlariga 15 nafar politsiyachi jalb etilgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari o‘rmonning har bir qarich maydonini ko‘zdan kechirib, erkakning jasadini o‘rmon ichidagi irmoq yaqinidan topgan. Jasad ustida ayiqning so‘yloq tishlari va tirnoqlaridan qolgan izlar bo‘lgan.
Mahalliy aholining qayd etishicha, mazkur voqeadan bir muddat avval qishloq yaqinida yuk mashinasi ayiq bolasini urib ketgandi. Odamlarning taxminicha, ayiq halok bo‘lgan bolasi uchun shu yo‘l bilan qasos olgan bo‘lishi mumkin.