Sharof Muqimov nega kamnamo bo'lib qolganini tushuntirdi
Xonanda va kinoaktyor Sharof Muqimov “Oila davrasida” gazetasiga bergan intervyusida nega oxirgi paytlarda televizorda kam chiqayotganini tushuntirib berdi. San'atkorning uqtirishicha, bunga moliyaviy jihatlar va, ayni paytda, uning “shou-biznesmen” emasligi ta'sir o'tkazgan.
“Ochig'ini aytganda, hozir teleekranlarga chiqish juda qimmat, - tan oldi u. – San'atga boylik orttiraman, qimmatbaho uy, mashina olaman, deb kirmaganman. Hayotim mazmunini san'atda ko'rganim uchun sahnani tanlaganman. Ya'ni, men shou-biznesmen emasman. Agar shunday bo'lganida men ham boshqalarga o'xshab kechalari uxlamasdan engil-elpi qo'shiqlar yozib, gastrol safarlardan tinmasdim, chet el xonandalarining qo'shiqlarini o'g'irlab, tirikchilik uchun biznesni kuchaytirardim. Lekin hozir ham sanatni tashlab qo'yganim yo'q. Baholi qudrat ijod qilyapman”.
“Aslida San'at institutining “Kino va televidenie rejissyorligi” fakultetida o'qiganman, - so'zida davom etdi Sharof Muqimov. – Bir yilda bitta kinoda rol o'ynash — men uchun juda kam. Shu sabab ko'proq rol ijro etishga harakat qilyapman. Shu kunlarda «Baxt ortidagi dard» filmimiz katta ekranlarda namoyish etilmoqda”.