Shakarni ko‘p iste’mol qilish miyani ishdan chiqarishi aniqlandi
Shakarni muntazam va xaddan ziyod iste’mol qilish inson miyasiga doimiy stressdek salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hindistondagi Milliy institut va Yangi Janubiy Uelss (Avstraliya) universitetining olimlari mazkur xulosaga kelishdi. Bu haqida National Geographic xabar berdi.
Ular o‘z tadqiqotlari mobaynida yoshlikda olingan kuchli stress kelgusida ruhiy kasalliklar xavfini oshirishi to‘g‘risidagi avvaldan ma’lum bo‘lgan haqiqatni tekshiruvdan o‘tkazishdi. Bu holat stress natijasida miyaning ayrim qatlami faoliyati o‘zgarib, ishdan chiqishiga olib keladi. Shundan kelib chiqib, olimlar ko‘p shirinliklar yeyish odati miyaning rivojlanishiga qay darajada ta’sir ko‘rsatishini o‘rganishga qaror qilishdi.
Laboratoriyada yangi tug‘ilgan kalamushlar bilan tajriba o‘tkazildi. Hayvonlar ikki guruhga, har bir guruh yana ikkitadan guruhga bo‘lindi. Birinchi guruh o‘n kun davomida stress ta’siri ostida katta bo‘ldi, ikkinchi guruhni esa bu vaqt mobaynida hech narsa bezovta qilmadi. Ikkala holatda ham, jonivorlarning yarmi shakar bilan boqildi. Qolgan qismi esa chegaralangan miqdorda iste’mol qildi.
15 haftadan so‘ng tajriba shuni ko‘rsatdiki, stressga tushmagan, lekin shakar bilan oziqlangan kalamushlarda ham xuddi yoshligida og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazgandek stress holati kuzatildi. Eng yomon ko‘rsatkichni “stress+shakar” guruhidagi kalamushlar qayd etdi. Odatiy sharoit va parhezda o‘sgan jonivorlar esa boshqalariga nisbatan ancha sog‘lomroq deb topildi.
Miya o‘zgarishi natijasida olimlar kortizol – “stress garmoni” otilib chiqishini tadqiq qilishdi. Uning yuqori darajaga ko‘tarilishi oqibatida, xotira va fikrlash vazifalari ishdan chiqmagunicha, asab hujayralari ko‘proq nobud bo‘ladi.
Olimlar o‘tkazilgan tajriba orqali barcha ota-onalarga quyidagi foydali maslahat berishadi: farzandlaringiz ovqatlanish tarziga jiddiy e’tibor bering, aks holda, shakarning ko‘p miqdordagi iste’moli miyaning kelgusidagi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.