Shahzodaning kutilmagan tuhfalarga boy konsert dasturi haqida batafsil
1-may kuni maftunkor Shahzodaning 7-kunlik konsert dasturiga start berildi. Mazkur konsertning yorqin lahzalari muhrlangan fotosuratlarni bir qismini taqdim qildik. Endi esa batafsil to‘xtalamiz.
“Istiqlol” san’at saroyi har doimgidanda gavjum. Xonandaning muxlislari shu kuni “konsertning ilk kunidan birinchilardan bo‘lib, bahra olaman”- deya tashrif buyurishdi. Zal to‘la. Birorta ham bo‘sh joyni ko‘rmaysiz. Hayqiriqlar va olqishlar davomiyligi ostida konsertga start berildi. Katta ekranda Shahzoda ko‘rindi va o‘ta ta’sirli monologi bilan barchani ruhlantirdi. So‘ng chiroqlar hamohangligida doiralar sadosi bilan raqqosalar va xonandalar “Qo‘llar tepaga” qo‘shig‘ini bir qismini ijro qilishdi. Shu qo‘shiqni xorazmcha yo‘nalishda boshqa bir xonanda chiqib ijro etdi. Qo‘shiqni qolgan qismini avval “OAZIS” guruhi vakillari keyin ofiserlar kuylashdi. Katta ekran o‘grila boshladi va hamma kutgan maftunkor Shahzoda raqqos yigitlar bilan ko‘rindi. “Qo‘llar tepaga” qo‘shig‘ini o‘zidayoq muxlislar jonlanishdi. Xonandani o‘zgacha kayfiyatda kutib olishdi.
Shahzoda o‘z muxlislari bilan salomlashar ekan, mazkur konsert ko‘plab sovg‘alarga, yangi qo‘shiqlarga boy ekanini ta’kidlab o‘tdi. Dastur “Xayr endi kech” qo‘shig‘i bilan davomlandi. Keyingi tarona yurtimizning barcha mard o‘g‘lonlariga bag‘ishlandi. U “Sirdoshim” qo‘shig‘ini kuyladi.
Shundan so‘ng betakror xonanda Shahzoda Shohruxxon bilan birga yaqindagina ommaga taqdim etilgan va ayni damda barchaning sevimli qo‘shig‘iga aylangan “Alo” duetini kuylashdi. Ekranda bir qator aktrisalar bilan tayyorlangan qo‘shiqqa mos videolavha namoyish qilindi. Muxlislarning kayfiyati yanada a’lo darajaga ko‘tarildi va bu duetni kutishganini hayqiriqlar va olishlari bilan yashira olishmadi. “Habibi” taronasi yangraganda, barcha birgalikda kuyladi va raqsga tusha boshladi. Kompozisiya so‘ngida xonanda sahna ortiga yo‘l oldi. Sahnada esa bir nechta yosh ijodkorlar ko‘rindi va ular xonandaning qo‘shiqlaridan parchalar ijro etishdi. Sahnada Shahzoda! To‘kilib qo‘shig‘i bilan konsertning ikkinchi qismini ochib berdi. Tomoshabinlar kayfiyati a’lo. Ular kutgan va sevgan qo‘shiqlari ketma-ket taqdim etilayotganidan mamnun. Shu payt Shahzoda yangi qo‘shig‘ini ijrosini boshladi. Katta ekran yana aylanib, u yerda yoshlarning sevimli guruhi Ummon guruhi ko‘rindi.
Bu kutilmagan duet tarona ekanini barcha tushunib yetdi va olqishlar bilan kutib olishdi. Haqiqatdan ham kutilmagan duet. Biroq bu hali hammasi emas edi. Ummon guruhi ekran ortiga kirib ketishdiyu, ular o‘rniga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Halikov ko‘rindi. Barcha birdek sevgan, yosh-u qarini qalbidan joy olgan, yillar o‘tsa-da o‘z mavqeini saqlab kelayotgan xonanda bilan juda ham chiroyli duet ijro etildi.
Bu haqiqatdan ham kutilmagan sovg‘a, muxlislar uchun munosib tuhfa bo‘ldi. Hamma hayratda. Konsert o‘rtasidayoq hamma mamnun. Buni ularning sevinchga to‘la nigohlaridan payqash qiyin emas. Duetlar ketma-ketligi “Ayblama” qo‘shig‘i bilan davomlandi. Xonanda sahnani tark etdi va raqqos va raqqosalar sharqona raqslarini muxlislarga taqdim etishdi. Katta ekran yana aylandi. Unda butunlay o‘zgacha qiyofada, takrorlanmas imidjda Shahzoda malikalardek o‘tirardi. “Faqat sen” taronasini xuddi shu ko‘rinishda yangicha yo‘nalishda ijro qildi. Katta ekranda navbatdagi monolog ko‘rsatildi va “Hasta” nomli qo‘shig‘ini kuyladi. Shundan so‘ng “Ayrilamiz” va “Baxtli ko‘rsam” qo‘shiqlarini o‘zgacha yo‘nalishda kuylab berdi. “Shunchaki” taronasini ijro etganda hamma birgalikda kuyladi. “Pari” nomli kompozisiya bilan konsertning 3-qismiga yakun yasaldi. Sahnada soyalar raqsi ijro qilindi.
4-qism Benom guruhi bilan birgalikda boshlandi. Ular Dj stoli bilan birgalikda chiqib kelishdi. Ular har doim sevimli bo‘lgan “Kechalar” qo‘shig‘i kuyladi.
Butun zal birgalikda olqishlashdi. Kutilmagan chiqishlar hammani hayratlantirib qo‘ydi. Lekin oldinda yana nimalar kutayotgan ekan degan savol hech kimni chetlab o‘tmadi. Dastur sovg‘alari hammani konsertga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirdi. So‘ng “Dejavyu” qo‘shig‘ini kuylab berdi. Navbat “Ket” taronasiga ham yetib keldi.
Bu jarayon konsertning kulminasion nuqtasiga aylandi. Hamma-hamma uzoq olqishladi. Hayqiriqlar tinmadi. Ayniqsa katta ekran o‘girilib unda Shoxrux ko‘ringanda deyarli hamma o‘rnidan turib olqishladi. Qo‘shiq so‘ngida Shahzoda “sog‘inganmidingiz?” -degan savoliga barcha “ha” - deya javob berdi. Va bor ovozda hayqirib, olqishlab xonandani kuzatishdi. Mana bu tuhfa muxlislar uchun sovg‘alar ichida eng a’losi bo‘ldi.
Mana shunday a’lo kayfiyatda xonanda sahnadan pastga tushib, muxlislar orasida “Chikko” taronasini ijro qildi. Bu payt sahnaga yana bir kichik dekoratsiya olib chiqildi. Shahzoda borib, so‘riga o‘tirdi va sahna chetidan Bojalar guruhining jamoasi birma-bir shahdam qadamlar bilan chiqib kela boshladi. Jahongir Poziljonov esa surida uxlab yotgan edi va uni do‘stlari uyg‘otib yubordi. Shu tariqa yangi duet ijrosi boshlandi. Juda ham ajoyib, oilaviy muhit tasvirlangan sahna ko‘rinishi barchani yuziga yanada tabassum bag‘ishladi. Yana bir monolog katta tasvirlandi.
Faxr va iftihorga boy so‘zlar bilan ifodalangan monolog “O‘zbegim” qo‘shig‘i bilan davomlandi. Qo‘shiq so‘ngida hamma ijodkorlar sahnaga tashrif buyurishdi. Tomoshabinlar yana bir sovg‘a bo‘lsa kerak deb o‘ylashdi. Tarona tugashi bilan uzoq olqishlashdi. Xonanda “Bo‘ldi konsert tugadi” desa ham hech kim ishonmay o‘tiraverdi. Rostan ham konsert tugagan edi. “Xonanda hazillashyapti”- degan o‘y muxlislarni o‘rnidan turishiga xalal berdi. Bir muddat muxlislar bir-biriga, bir xonandaga tikilib gullar bilan sahna tomon kelishdi. Konsert xonanda va’da berganidek, kutilmagan sovg‘alarga boy bo‘ldi. Ko‘plab xonandalar bilan ijro etilgan duetlar, rasqlar, muxlislarga bo‘lgan munosabat, takrorlanmas imidj, sahna dekoratsiyasi hammasi tomoshabinlarni hayratlantirdi. Ular vaqt bir zumda o‘tib ketganini sezmay qolishdi. Xonandaning diydoriga to‘yishmadi. Yana sog‘inadigan bo‘lishdi. Mana shunday hurmat va ehtirom xonandaning ijodi, konserti qay darajada muxlislarga yoqqanidan darak beradi. Konsertning qolgan kunlari ham mana shundan a’lo darajada o‘tishini ilab qolamiz. Bizni kuzatishda davom eting va yangiliklarni kuzatib boring.
konsert zor boldi. Shaxzoda muxlislari oldidegi imtixonini a'lo boxolaga topshirdi dsam adashmiman. Xar bir detal saxna raqqos va raqqosala duetla va Shaxzoda betakror boldi. ulani ijodlariga omad tilab qolaman hamisha muxlislari ardogida bolishi tilab qolaman
Zur bupti kansert borolmasligim alam qivotti. Admin sizga raxmat xuddi zalda utirgande buldim. Gap yu kansert zur bupti. Anu duetlaniyam taronaga yuklen admin bizam ewtili. Raxmat