Shahzodaga hali berilmagan savollar uchun shov-shuvli Javoblar!
Shou-biznesda shaxsiy hayoti va ijodi omma uchun eng qiziqarli yulduzlardan biri Shahzodadir. U pozitiv xarakterga ega. Har doim xushchaqchaq tarzda uchratatish mumkin. Shundanmi, u hamisha yosh va latofatli ko‘rinadi. Demak, qarimaslikning yana bir isboti – salbiy o‘y-fikr va holatdan uzoq yurish!
U sevimli yor, mehribon ona, yaxshi xonanda. Imijini tez-tez o‘zgartirib turadi. Muhimi, bachkanalikdan xoli. Yuqori did, nozik farosat yurish-turishida zohir. Shahzoda bilan suhbatlashish maroqli. Chunki, u “quruq arava”ni olib qochmaydi. Og‘ziga kelganini so‘zlayvermaydi ham. O‘ylab javob beradi. Hukmingizga taqdim etilayotgan lo‘nda-intervyu siz izlayotgan ayrim savollarga javob topishingizda asqotadi deb umid qilamiz.
-Shahzoda, may sizning yangi yakkaxon konsertlaringiz bilan boshlanadi. Qaysi qo‘shiqlaringiz ommalashishidan umidvorsiz?
-Xudo xohlasa, hammasi! (kuladi). Bu gapimdan o‘ziga juda ishonuvchan ekan deb o‘ylamasliklarini istardim. Axir, umid qilishning nimasi yomon?! Chunki, har bir qo‘shig‘imni muxlislarimga yoqishi uchun chin dildan sevib, yarataman!
-Yaqinda Xotin-qizlar kunini nishonladik. Onangizga nima sovg‘a qildingiz?
-Onajonimga birinchi navbatda e’tibor va muhabbatni afzal bilaman! Bayramga u juda istagan sovg‘ani ulashdim. U nima ekanligini esa aytolmayman!
-Jajji Xolid qo‘shiqlaringizni tinglayaptimi?
-Xolid hali qo‘shiqlarimni tinglash yoshiga yetgani yo‘q. Biroq, u men to‘qigan ertaklarni tinglashni xush ko‘radi. Eng qizig‘i, ayrim ertaklarni ona-bola ikkalamiz to‘qiymiz! Ertak voqealarini esa xeppi-end bilan tugatamiz! Axir, ertaklar – yaxshilikka yetaklar!
-Kechira olishda qanchalar kuchlisiz? Kechira olmaydigan insonlaringiz ham bormi?
-Odatda, men xafa bo‘lmayman. Shunchaki, xulosa qilaman. Qachondir dilimni ranjitgan yo sotgan insonlar bilan esa aloqa qilishni to‘xtatganman. Va bu qoidamga amal qilaman. Men kimmanki, kimnidir kechirsam yo kechirmasam?! Hammasi Yaratganning qo‘lida!
-Shahzodaning eng katta yutug‘i nimada?
-Eng katta yutug‘im – oilam va farzandlarim.
-Turmush o‘rtog‘ingiz prodyuseringiz ham. Bu borada omadingiz chopgan. Uning er va prodyuser sifatidagi qaysi maslahatlariga qat’iy amal qilasiz?
-Barcha maslahatlarini inobatga olaman. Har doim amin bo‘lganman, u har qanday qarorda haq chiqqan!
-Yillar o‘tgan sayin nima eng muhimligini anglab boryapsiz?
-100 foiz holda mening oilam hamma narsadan muhimroq!
-Tushlarga ishonasizmi?
-Ishonaman. Ko‘rgan tushlarimni esa hech kimga aytmayman.
-Yana farzand ko‘rishni istaysizmi? Deylik, shirin qizaloq...
-Albatta! Xudo xohlasa!
-Bir kuni sahnani qanday tark etishingiz haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
-Bu haqda har kun o‘ylayman. Men ijodni yo‘qotishdan qo‘rqmayman. Muhimi, xalq ishonchini yo‘qotmaslik! Sahnaning bag‘ri keng. Mendan oldin qanchasi kelib-ketgan. Mendan keyin yana qanchasi keladi. Sahnaga munosib bo‘lish va uni munosib tarzda tark etish – haqiqiy san’atkorga xoslik deb o‘ylayman!
-Javoblaringizdan donolik ufurmoqda...
-Aql xato va sinovlardan iroda ila munosib o‘tilgandan keyin charxlanadi!
-Qaysi qo‘shiqlaringizni jonli kuylay olasiz?
-Men jonli kuylay olishimga ko‘zim yetmaydigan qo‘shiqlar ijro etmayman!
-Lola,Rayhon, Shahzoda. Ular birgalikda qo‘shiq kuylashi mumkinmi?
-Yo‘q! (Jilmayadi).
-Rumiy, Navoiy, Gyote, G‘azzoliy. Ulardan qay birining ijodi bilan tanishsiz?
-Ular safida bo‘lmagan boshqa bir donishmand ijodidan ko‘proq boxabarman. Oshoning dono fikrlari meni qattiq ta’sirlantiradi. Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi asarlarini bir necha marta mutolaa qilganman. Yashirmayman, Rumiyga sizning “instagram”da joylashtirayotgan postlaringizdan keyin qiziqishim ortdi.
-Qachon yana kinoda suratga tushasiz?
-Yaqinda!
-Ijtimoiy tarmoqlarda negativ izoh qoldiruvchilar ham yetarli. Ularga bu salbiy urinishlardan xalos bo‘lishlari uchun qanday maslahat berasiz?
-Qalbda qahr, alam va hasadni ushlash xavflidir. Chunki, ular qanchalar yaqin ekan, sening hayotingga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Birovning yutuqlarini ko‘ra olmaslik va bundan achchiqlanish insoniy xislatlarning dushmanidir! Shaxsan men uchun baxtiyor insonlar o‘z hayotlari bilan mashg‘ul bo‘lganlaridir.
-Sizningcha, shou-biznesning gullashi uchun nima yetmayapti?
-Juda qiyin savol. Bir-ikki sabablar ko‘rsatish bilan aniq javob berib bo‘lmaydi!
-Ajoyib teleboshlovchisiz. “MY5” yangi qirrangizni kashf etdi. Savollarni o‘zingiz tuzasizmi?
-Albatta, muharrirning ham o‘z o‘rni bor. Biroq, suhbat qay tarzda kechishini oldindan rejalashtirib bo‘lmaydi. Ko‘rsatuvning umumiy konsepsiyaga rioya qilamiz. Biroq, savollar suhbat davomida tug‘iladi. Suhbatdoshlarim – bolajonlar. Ular bilan dillashish maroqli. Chunki, ular aldamaydi!
-Bu yilgi “Oskar”ni Planetamizdagi millionlab kinomuxlislar intiq kutgani rost. DiKaprio uchun! Siz ham uning g‘olib bo‘lishini kutdingizmi?
-Meni uning “ashaddiy” muxlisi emasman. Biroq, unga “oltin risar” topshirilgani meni ham ko‘pchilik qatori befarq qoldirmadi. Xursand bo‘ldim.
-“Tirik qolgan”ni tomosha qilgan bo‘lsangiz kerak. U nima berdi sizga?
-Hayotning qadriga yetmoq darkor! Axir, Alloh hech bir bandasini uning imkoniyati yetmaydigan, chorasiz vaziyatga tashlab qo‘ymaydi!
-Oldingizda 7 kunlik imtihon turibdi. Tomoshabinlar konsertingizga borishlari uchun sabab bo‘la oladigan 7 ta muhim faktni sanab bera olasizmi?
- 1. Muhabbat.
2. Yangi qo‘shiqlar.
3. Kutilmagan duetlar.
4. Sevimli xitlar.
5. Yangi sahna obrazlari.
6. Sahnalashtirilgan ko‘rinishlar.
7. Iliq muloqot, tuganmas mehrim va ehtiromim!
-Tongni qay tarzda qarshi olasiz?
-Shukrona bilan! Ha, hech ham bir izhorni aytishdan charchamayman: “Yaratganga shukur”!
Shukur ila boshlangan tong barakali kunga aylanadi! Shukri bor inson xotirjamlik va baxt lazzatini totadi! Shukur qiluvchilar ko‘p bo‘lsin. Hayot bir marta beriladi. Bizlar bir xil emasmiz. Irq, din, til, millat, ijtimoiy kelib chiqish... bo‘y-bast, kasb-kor – ne-ne omillar insonlarni bir-biridan har qancha farqlamasin, “shukur aytish” bobida hech kim ajralib qolmasligiga tilakdoshmiz!