Xonanda Shahzoda o‘z ijodi, boshlovchilik faoliyati, mustaqil kompaniya ochgani va shaxsiy hayotiga doir ko‘plab savollarga “Tasvir” gazetasiga bergan intervyusida javob berdi.
“Do‘stim Davron Muqimov bilan birgalikda yangi kompaniya ochdik. Bu yerda studiya ham bor, unga yangi apparaturalar buyurtma qilganmiz, tez orada ishga tushadi. Maqsadimiz—iqtidorli yoshlarga yordam qilib, ularni qo‘llab-quvvatlash, prodyuserlik faoliyati bilan shug‘ullanish. G‘oya Davron Muqimov ikkimizniki. Lekin o‘zim ‘Tarona Records’ bilan ijodiy hamkorlikni davom ettiraveraman”,—deydi Shahzoda yaqinda ochgan kompaniyasi haqida.
Muxbirning “Bu borada turmush o‘rtog‘ingizning fikri qanday bo‘ldi? Axir, kompaniya ‘Tarona Records’ga raqobatchi ham bo‘lishi mumkinku?” degan savoliga xonanda quyidagicha javob berdi:
“Birinchi navbatda shuni aytishim kerakki, turmush o‘rtog‘im bilan oila qurishimizdan avval u kishi meni kompaniya loyihasi sifatida, turmush qurganimizdan so‘ng esa umr yo‘ldoshim sifatida qo‘llab-quvvatlab keladi. Hech qachon ‘mana bu ishni qilmaysan’ yoki ‘faqat Taronada ishlaysan’ degan gaplarni eshitmaganman. U kishi ‘Agar shuni xohlasang, harakat qilib ko‘r’ deydi. Bu safar ham u kishidan ‘Mensiz ham o‘zing bir urinib ko‘r. Agar natija yaxshi bo‘lsa, xursandman’ degan gapni eshitdim. Shundan so‘ng kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘ydik”.