Shahzoda Muhammedova kimga turmushga chiqayotganini aytdi
Aktrisa Shahzoda Muhammedova va yosh aktyor Azamat Ahrorov o‘rtasidagi munosabatlar bir necha oylardan buyon muhokamalarga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Avvalroq, Muhammedova Ahrorov bilan munosabatlarini yashirib, shunchaki, u suratga olayotgan filmda bosh rolni ijro etayotganini, oralarida hech narsa yo‘qligini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, Azamat Ahrorov Shahzoda Muhammedovaning qo‘lini so‘ragani, sovg‘a-salomlar bilan unga turmush qurish taklifini bergani ma’lum bo‘ldi. Biroq aktrisa tahririyatimizga bu taklifni hali o‘ylab ko‘rmagani, turmush qurishini o‘zi emas, balki oila a’zolari hal qilishini aytgandi.
Mana, bir necha kundirki, Shahzoda Muhammedova ham, Azamat Ahrorov ham birgalikda tushgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga joylashshtirib, izoh o‘rnida “yurakcha” qoldirishmoqda. Internet orqali ularni kuzatib boradigan muxlislar esa ikki yosh bir-biriga juda mosligini aytishmoqda. “Qalampir.uz” munosabatlarga oydinlik kiritish maqsadida aktrisa Shahzoda Muhammedova bilan bog‘landi.
“Azamat Ahrorov sovchi qo‘ygani haqida avval ham aytgandim. Keyin qo‘limni so‘radi, men esa rozi bo‘ldim”, deydi Muhammedova.
Aktrisaning ma’lum qilishicha, to‘y kuni hozircha aniq emas. “Kattalar o‘zaro kelishib olishgach, to‘yimiz qachon bo‘lishini ma’lum qilamiz”, deydi aktrisa.
Ma’lumot o‘rnida, Azamat Ahrorov o‘zini rejissyorlikda ham sinab ko‘rmoqda. Asli buxorolik bo‘lgan Ahrorov ancha yillardan buyon Toshkentda istiqomat qiladi.