Shahlo va Akbar Atamuxamedov: «Sevgi, bu — baxtning kutilmagan tashrifi»
Bir ko`rishdagi muhabbatga ishonmaydigan yigit mahbubasini ilk uchrashuvdayoq telbalarcha sevib qolganiga nima deysiz?! Ishq yuraklarga so`roqsiz kirib keladi, deganlari shu bo`lsa kerak-da?! Loyihamiz ishtirokchilarining hayotiy qissasi ana shunday ajoyib hodisalar bilan boshlangan. Voqealar baxtli rivoji bilan esa Shahlo va Akbar Atamuxamedovlarning o`zlari tanishtiradi.
Qo`shiqlarida muhabbatni tarannum etuvchi Akbar hayotda sevgisini qanday topgan?
Akbar: — Shahloni konsert dasturlarining birida uchratib qoldim. O`y-xayoli faqat ijod bilan band bo`lgan yigit uchun yurakda allanimaning jizzilashi, bir tarafdan yoqimli, bir tarafdan yangilik edi. Chunki «Uni umuman tanimayman, ammo ko`rdim-u, sevib qoldim» deya ming hayajon bilan gapirishmasin, ishonmasdim-da. Xullas, bu savdo boshga tushgach, Shahloning ko`nglini olishga harakat qildim. Qaerda o`qishi, yashash manzilini aniqladim. O`ziga bildirmay o`qish joyiga gullar, sovg`alar yuborardim.
Shahlo: — Men esa gul yuborayotgan yigit kimligini bilmay, rosa o`ylanardim. Kundan-kun sovg`a-salomlar ko`payib boravergach, gul tashuvchidan surishtirdim, Akbar degan qo`shiqchi yigit ekan. To`g`ri, har bir qiz bunday e`tiborni orzu qiladi, o`zini sir tutayotgan oshig`ining tuhfalaridan quvonadi. Ammo, baribir, hammasi g`alati edi-da. Qolaversa, Akbar akani yaxshi tanimasdim. San`atkor ekanligini bilardim-u, ammo ijodidan tamoman bexabar edim. Talabaligimda bilan viloyatlarning biridagi tadbirga ketayotganimizda, biz bilan Akbar va yana bir xonandaning borishini aytishganida, «Nega endi u?» deganim hamon yodimda. Uchrashuvimiz taqdirimizga bitilgan ekanki, aynan o`sha safar sabab avvaliga gullar, sevgi izhorlari, sovchilik va to`yimiz bo`ldi.
Akbar: — Lekin sovchilarni birinchi safar quruq qaytarishgan. Ota-onasi rozi bo`lishmagandi-da. «San`atkor ekan, safarlarda yuradi. Qizim yolg`izlanib qoladi», deyishgan. Tinimsiz urinishlardan keyin qaynota-qaynonamni ko`ndirganman. Mana, shu voqealarga ham etti yil bo`libdi. Mana endi uch nafar farzandimiz bor.
Haqiqiy sevgi insonga bir marta berilar ekan.
Akbar: — Bu haqiqat! Chin muhabbatni faqat bir bor boshdan kechirasiz. Ammo uni qachon ko`nglingizga tashrif buyurishini bilmaymiz. Shukr, menga haqiqiy sevgini his etish nasib etdi.
— Er-xotinning dunyoqarashlari bir-biriga o`xshash bo`lishi kerakmi? Nima deb o`ylaysizlar?
Akbar: — Ba`zi holatlarda o`xshashlik bo`lgani yaxshi. Ammo bizda bunday emas. Masalan, hozir uyda ta`mirlash ishlarini boshlaganmiz. Jihozlar rangi, qaerda, qanday turishi kerakligi haqida sira bir to`xtamga kelolmayapmiz. Chunki ikkimizning fikrlashimiz turlicha-da.
Shahlo: — Shunday bo`lsa-da, baribir echimni birgalikda topamiz. «Meniki to`g`ri» degancha bir-birimizga zarda qilish yo`q. Umuman, er-xotin ikki xil fikrlagani yaxshi, nazarimda. Agar bir xillik bo`lsa, munosabatlar qiziqarli bo`lmasa kerak.
Kelisholmagan paytlaringiz ham bo`lib turadimi?
Akbar: — Gohida. Arazlashib, gaplashmay yuramiz. Ammo bu uzoqqa cho`zilmaydi. Tashabbusni qo`lga olib, muloqotga kirishaman. Qarabsizki, yana hech narsa bo`lmagandek, yo`limizda davom etamiz.
— So`zlaringizdan Akbar, oilali bo`lgach, ijoddan uzoqlashdi degan fikrda jon bordek tuyulayapti.
Akbar: — Yo`q, unday emas. 2008 yilda uylangan bo`lsam, 2011 yilda «Chiroylisan», 2012 yilda «Muhabbatim» nomli qo`shiqlarim va ularga ishlangan kliplarni tomoshabinlar e`tiboriga havola etdim. Ko`p yillardan buyon rahbarlik qilib kelayotgan «SADO» ansambli bilan birga ijodiy safarlarda bo`ldik. Nafaqat Respublika miqyosida, balki xorijiy davlatlarda ham o`zbek san`atini namoyish etdik. Bu vaqt ichida ikkita musiqiy albom tayyor bo`ldi. Tanaffus haqida gapirish noto`g`ri, menimcha. Oynai jahon orqali ketma-ket kliplaringiz aylanib tursa, «Ijod qilayapti», deyishadi. Agar buning aksi bo`lsa, «Yo`qolib qoldimi?» deb gap chiqarishadi. Aslida esa san`atkorning ijodi bu bilan o`lchanmaydi.
— Xonanda, aktyor, bastakor, teleboshlovchi. Nega bittasini mahkam tutmaysiz?
Akbar: — 1991 yildan boshlab xonandalik faoliyatimni olib borayotgan bo`lsam, butun diqqat-e`tiborim faqat shu yo`nalishga qaratilgan. Aktyorlik va teleboshlovchilik esa san`at yo`nalishlarida o`zimni sinab ko`rish bo`lgan, xolos. Aslida men xonandaman.
— Ijodingizni boshlaganingizga ancha bo`libdi-yu, ammo qo`shiqlaringizga ishlangan kliplar sanoqli.
Akbar: — Klip suratga olish «SADO» ansambli uchun haqiqiy «fojea» (jilmayib). Guruhdagilar yaxshi bilishadi, s`yomkagacha har bir libos, har bir obraz, musiqa, aranjerovka, rol ijrosigacha ko`rib chiqaman. Ba`zida hammasi tayyor bo`lib qolganida, qo`shiqning qaysidir qismi yoqmaydi-da, qaytadan ishlaymiz. Ko`pincha «Sho`x qo`shiqlarga klip ishlaylik, tez ommalashadi», degan takliflar bildirishadi. Ammo o`n yil oldin nima degan bo`lsam, hali ham o`sha fikrimga sodiqman: to`ybop qo`shiq kuylamayman! Bunday qo`shiqqa klip ishlash haqida-ku gap bo`lishi ham mumkin emas! Omma e`tiboriga engil-elpi narsani havola etishni istamayman. Bilmadim, negadir bugun suratga olinayotgan kliplar deyarli bir xil. Men esa kimnidir takrorlashni xohlamayman. O`zimga-o`zim qarshi borishim qiyin. Balki shuning uchun ham kliplarim sanoqlidir.
Shahlo: — Klip suratga olish ishlari nafaqat suratga olish maydonchasi, balki oila davrasida ham qizg`in muhokama qilinadi. Akbar aka talabchan inson. Bir ishni boshladimi, oxiriga etmagunicha asabiylashib, tinim bilmaydi. Bunday paytlarda imkon qadar ularni tushunishga harakat qilaman.
— Sahnadagi ijrongizda O`zbekiston xalq artisti Farruh Zokirovga o`xshashga harakat qilayotganingiz ko`zga tashlanadi.
Akbar: — Bu inson — mening ustozim. «Yalla» guruhining qo`shiqlarini tinglab, katta bo`lganman. hozir to`ng`ich qizim Madina besh yosh. Shu paytgacha u biror-bir xonandaning qo`shig`ini sevib xirgoyi qilganini ko`rmadim. Menda esa bola paytimdan Farruh akaga qalbimda havas, ulardek san`atkor bo`lish orzusi bor edi. Balki shuning uchun ham ustozimga o`xsharman. Ammo bu o`xshatish atayin qilinmaydi, bir kishiga astoydil havas qilsangiz, o`zingiz bilmagan holda unga o`xshab qolarkansiz. Farruh Zokirovga o`xshatishganida xursand bo`laman, g`ururlanaman. Shu bois ham qo`l uchida ijod qilolmayman. Ma`suliyat yuki bor.
— Farruh Zokirov bilan birgalikda kuylagan «Nido» qo`shig`ingiz va unga ishlangan klip juda omadli chiqqan.
Akbar: — Bu qo`shiqning musiqasini bir kechada yozganman. So`ngra she`r matnining qoralamasini tayyor qilib, Farruh akaga ko`rsatdim, ma`qul keldi. «Faqat so`zlarini salgina yumshatish kerak», degandi. Yosh edim-da, bolaning otasiga bo`lgan murojaatini juda keskin ifodalaganman. Shunda shoira va bastakor Shahnozga murojaat qildik. Uning yordami bilan she`r matnini qayta ishlab, so`ng kuyladik. Klip g`oyasi Farruh akaga shunchalik ma`qul kelganki, «Qo`shiqni rus tilida ham kuylaysak-chi», deya taklif bildirgan. Shu bilan qo`shiqning ikkinchi ko`rinishi ham tayyor bo`ldi.
— Bu tarona sizning hayotingizdan olingan degan qarashlarga nima deysiz?
Akbar: — Buni o`zimga ham ko`p bor aytishgan. Ammo «Nido» mening ham, Farruh akaning ham hayoti emas. Otasiz katta bo`layotganlar taqdiri, kechmishini ko`rib, ta`sirlanib yozganmiz. Agar qo`shiq oilasi, farzandlarini aro yo`lga tashlab ketayotgan aqalli bitta erkakning yuragiga etib borgan bo`lsa, uni bu yo`ldan qaytishiga undasa, demak, mehnatimiz bekor ketmabdi. Qo`shiq yutug`i ham shunda.
— Klipda oilasini tashlab ketgan erkakning yoshligini ijro etish qanday bo`lgan?
Akbar: — Qiynalganman. Chunki rol uchun o`z tushunchalarim, dunyoqarashlarimga qarshi chiqishimga to`g`ri kelgan. Aniq bilaman, klipdagi «erkak» o`rnida bo`lganimda, oilamni hech qachon tashlab ketmasdim. Men uchun farzandlarim hamma narsadan qadrli, ularga bo`lgan mehrimni hech kim bilan bo`lisha olmayman.
To`g`ri, oilamda bolalarim tarbiyasi bilan ko`proq onam va rafiqam shug`ullanishadi. Ikkisi ajoyib «murabbiy». Uyga kelganimda, farzandlarimning usti but, qorni to`q, odob-axloqi joyida ekanligini ko`rib, ko`nglim taskin topadi. Onam va ayolimdan minnatdor bo`laman. Axir erkakning xotirjamligi ham shunda-da. Ota sifatida o`g`lim va qizlarimni ortiqcha tergamaslikka harakat qilaman, hamma narsani yotig`i bilan tushuntiraman. Madina qizim buvisi bilan dars tayyorlashni yoqtiradi. Farruh esa hali kichik, uni biror mashg`ulot bilan band qilmay turibmiz. Jamila endigina ikki yosh bo`ldi.
— Qizlaringiz otasining erkatoyi bo`lishsa kerak?
Akbar: — Qizlarim ko`proq onasi va buvisiga erkalik qilishadi. O`g`lim esa ko`proq men bilan gaplashadi.
— Ota qizlariga nimalarni o`rgatishi kerak, sizningcha?
Akbar: — Har bir bo`yi etgan qiz bo`lajak turmush o`rtog`ida otasidagi kabi fazilatlarni izlaydi. Shunday ekan, ota eng avvalo o`rnak bo`la oladigan, qizlari havas qilsa arziydigan inson bo`lishi kerak. Qizlarimga mehribon, kuyinchak, haqgo`y va mas`uliyatli bo`lishni o`rgatishni istayman.