Shahlo Doniyor bilan bog‘liq voqea tafsilotilari bilan tanishtirdi
Doniyor Abdumajitovning turmush o‘rtog‘i Shahloning aytishicha, ular oilaviy 2017 yilning iyun oyida AQShga “Green card” lotoreyasi yutug‘i orqali katta umidlar bilan kelishgan. Doniyor Shimoliy Neshvilldagi kichik pissa do‘konida yetkazib beruvchi vazifasida ishlagan.
Kecha, 25 avgust kuni buyurtmani yetkazib berish vaqtida Doniyor o‘z mashinasida o‘qotar qurol yordamida otib ketilgan. O‘q uning bosh qismiga tekkan va og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Doniyorni bexush holda mashinasi yonidan topishgan. Voqea tunda sodir bo‘lgani sababli, uni ikki soatlardan keyin og‘ir ahvolda topishgan.
Shahlo ularning to‘rt nafar farzandlari borligi va eng kichigi 4 yoshda ekanligini aytib o‘tgan.
Avvalroq, Doniyor Neshvill shaharchasidagi “Vanderbil Hospital” shifoxonasiga olib kelingani haqida xabar bergan edik.
Doniyorning oilasiga yordam berish uchun jamg‘arma tashkil etilgan bo‘lib, hozirgacha jamg‘armaga 453 kishidan 30 ming AQSh dollaridan ortiq mablag‘ kelib tushgan.