Estradamizning betakror yulduzi, o‘zining yorqin ijodi bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy egallagan xonanda latofatli Lola muxlislari uchun yana bir yangi tuhfa tayyorlamoqda. 15-16 oktabr kunlari uning “Sevgimsan” kompozisiyasiga videoklip suratga olindi. Ma’lumki, mazkur qo‘shiqning taqdimoti 14-oktabr kuni poytaxtimizda joylashgan nufuzdi restoranlarning birida bo‘lib o‘tgan edi.
Mazkur videoklipda bosh rolni Lola, shu klip uchun taklif etilgan sirli aktyor bilan birga ijro etdi. Uch kun davomida “O‘zbekfilm” povilonida tasvirga olingan mazkur videoasarning bosh qahramonlaridan birining nomi sir tutilmoqda. Faqatgina shuni aytib o‘tishimiz mumkinki, bu aktyor mazkur klip uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Uning ismi ham, tashqi ko‘rinishi ham sirligicha qolmoqda. Videoklip namoyishida esa barcha sirlar oshkor etiladi va bu muxlislar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘lishi aniq.
“Sevgimsan” taronasiga videoklip suratga olish jarayoniga qatnashgan ijodiy jamoaga to‘xtaladigan bo‘lsak, rejissyor va operator Yodgor Nosirov, grafika rejissyori Arabshoyev Davlat, stilistlar esa Renata Iskandarova hamda Madina. Liboslar bo‘yicha rassom Hilola Sher, grim bo‘yicha rassom Yekaterina Seryakova va Anna. Dizayner Zulfiya Sulton, vizajist Timonina Diana, Dekorator Husan Po‘latov.
Demak, tez kunda sevimli xonandangizdan yangi videoklipni kutib qoling.