Seulda Janubiy koreyalik PSY ijro etgan shu nomli klipdagi Gangnam Style raqsiga haykal o‘rnatiladi. Mazkur yodgorlikda raqsning barchaga tanish elementi — bir-birining ustiga qo‘yilgan qo‘llar aks ettiriladi. Bu haqda “Kazinform” xabar bermoqda.
Poytaxt rasmiylari yodgorlik sayyohlar qiziqishiga sabab bo‘lishiga ishonmoqda. U PSY qo‘shig‘i orqali mashhur bo‘lgan Kannamguda (mazkur hududning inglizcha nomi — Gangnam), COEX ko‘rgazma va savdo markazi oldida o‘rnatiladi.
Gangnam Style 2012-yilda butun dunyoda ommalashdi. Ushbu qo‘shiqqa ishlangan video ko‘rilishi bo‘yicha hozirgacha YouTube’da birinchilikni boy bermay kelyapti (2,4 milliardan ziyod). Gangnam Style muallifi — PSY taxallusi bilan ijod qiladigan 37 yoshli Janubiy koreyalik xonanda, reper va prodyuser Pak Che San 2001-yildan beri albomlarini taqdim etib keladi.