O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxonning “Har kuning ulug‘ ne’mat” nomli yakkaxon konsert dasturi ko‘ngildagidek o‘tdi. Ajoyib sahna dekoratsiyasi, chiroqlar yog‘dusi, dilga yaqin taronalar, raqslar jilosi, duetlar, hazil-mutoyibalarga boy dastur haqida batafsil to‘xtalamiz.
Konsert boshida katta monitorda Sardor Rahimxon tasviri ko‘rsatildi va dil so‘zlarini, kechinmalarini shu fotosuratlar ostida tomoshabinlarga so‘zlab berdi. Dastur “Ishonmasman” qo‘shig‘i bilan start oldi. Xonanda shu qo‘shiqdan so‘ng muxlislari va mehmonlari bilan salomlashib, “Beg‘uborginam” qo‘shig‘ini ijro qildi. “Azizam” taronasini ijro qilganida “Navro‘z” raqs ansamblining lobar qizlari o‘z raqslari bilan tomoshabinlarni xushnud etishdi. Dastur “Sog‘indi yurak” dueti bilan davomlandi.
“Otajon”, O‘g‘lim”, “Habibim” qo‘shiqlari ketma-ket ijro etildi. Shundan so‘ng kutilmagan duet Halimaxonim bilan birga “Halima” qo‘shig‘ini kuylashdi. Shu bilan konsertning birinchi qismi yakunlandi. Xonanda ikkinchi blokka tayyorgarlik ko‘rgunicha “Comedy Uz” rezidentlari Hasan Va Husan triosi kutilmagan sahna ko‘rinishlari bilan barchani kayfiyatini yuqori darajaga ko‘tarishdi. Ikkinchi qism “Nazar-nazar” taronasi bilan boshlandi. “Qarang ko‘z ochib qarang” taronasini kuylaganida tomoshabinlar o‘yga tolishdi. Chuqur ma’noga ega bo‘lgan hayotiy kompozisiya “Do‘st” taronasiga ulandi.
Bu musiqiy asarni xonandaning bir o‘zi emas, yosh muxlisi bilan birga ijro qildi. “Omon-omon”, “Xorazmcha” qo‘shiqlaridan so‘ng “Yig‘lar osmon” duetini Shoxrux repper bilan kuyladi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Askar onasi” nomli yangi qo‘shig‘ini ijro etdi. Bu qo‘shiq yangraganida hamma o‘rnidan turib olqishlashdi. Konsert “Malikam” taronasi bilan davomlandi. “Jamilaxonim”ni ijro etganida muxlislar raqsga tushdi. “Onam”, Faridam”, Birga bo‘laylik”, “Sanamjon” kompozisiyalari ketma-ket ijro qilindi.
Konsert “Yo rab” qo‘shig‘i bilan yakunlandi.
Mazkur konsert O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Yoshlar madaniyat va san’at markazi davlat unitar korxonasi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan tashkillashtirilgan.