Sardor Rahimxon rafiqasi undan nimani sir tutganini aytdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxon “Darakchi” nashriga bergan intervyusida qornida bolasi bor fil va begemotlar kabi suvenirlarga izoh berar ekan, qiziq oilaviy voqeani aytib berdi.
“Timsohlarni tomosha qilish uchun Tailandga borganimda, suvenir sotuvchilari bolali begemot sovg‘a qilgan. Bu hayvon ularda baxt ramzi ekan. Malayziyaga qilgan sayohatimda esa meni uyiga taklif qilgan inson “Farzandlaring ko‘p bo‘lsin”, degan maqsadda qornida bolasi bor fil hadya qilgan. Fikrlar moddiylashadi, deyilgandek, shukur bugun baxtliman va uchta farzandning otasiman. Bilasizmi, ko‘pchilik oilada bo‘lgani kabi farzandlar tug‘ilishi muddatini rejalashtiramiz. Lekin ikkita qizimning tug‘ilishi orasidagi muddat ikki yil bo‘lib qolgan. Shu sabab rafiqam o‘zini tiklab olsin, degan maqsadda uch-to‘rt yildan keyin uchinchi farzand ko‘rishni reja qilgandik. Kutilmaganda, Alloh yana eng aziz ne’mat berganini bilib qoldik. Ishonasizmi, tinmay so‘rashimga qaramay, rafiqam bila turib, oxirgi daqiqalargacha o‘g‘il yo qizligini aytmagan.
Kutilmagan sovg‘a bo‘lishini istagan ekan. To‘g‘ri, qiz otasiga mehribon bo‘ladi. Lekin har bir erkak kishi avlodini davom ettiradigan o‘g‘li bo‘lishini orzu qiladi-da. O‘g‘lim Muhammadali hozir to‘rt oylik”,-dedi u.