Sardor Rahimxon: “O‘zim ota bo‘lib, ko‘zim yanada ochildi”
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxonning “Otamdan yodgorim onam” nomli yangi qo‘shig‘i muxlislari orasida ommalashib boryapti. Qo‘shiq matni va musiqasi tez yodda qoladi. Unda foydalanilgan so‘zlar esa har bir tinglovchining qalbiga yetib borishi bilan ahamiyatli.
Bugun ota-onalarni madh etayotgan xonandaga to‘y va tantanalarda aynan shu qo‘shiq uchun talab kuchayib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga to‘yda aynan shu qo‘shiqni kuylayotgani tasvirlangan videoni joylashtirgan Sardor Rahimxon unga quyidagicha izoh beradi:
“Bolaning begonasi bo‘lmaganidek, barcha onalar ham o‘z onamizdek yuragimiz to‘rida. O‘zim ota bo‘lib ko‘zim yanada ochilgani rost. Farzandini shu kunga olib kelguncha onalarimiz qancha qurbonliklarga borishini bilganimizda edi...
Kim taqinchoqlarini sotib bolasini kontarktiga to‘lagan, kim otasiz farzandlarini katta qilgan, kim uch smenada uxlamay ishlab, bolalarini muhtoj qilmay o‘stirgan, kim yana musofir bo‘lib bolasi uchun yosh umrini mashaqqatda o‘tkazgan... Buni hali uzoq davom ettirish mumkin. Eh, onajon! Bo‘ldi, endi yetar. O‘zingiz uchun ham yashang, jon onam, onajonginam!”